AQSh Prezidenti Donald Tramp yangi koronavirus ilk Xitoydan chiqqani uchun uni “Xitoy virusi” yoki “Uxan virusi” deb atarkan, Xitoy hukumati norozilik bildirmoqda. Tramp o’z navbatida ayrim xitoylik rasmiylarning virusni AQSh harbiylari tarqatgani haqidagi da’volarini tanqid qilyapti.
Pekinning bildirishicha, so’nggi ikki haftada Xitoyda epidemiya hovuridan tushgan, tibbiy yordam jamoalari Xubey viloyatini tark etmoqda.
“Uxan virusi” haqida bilgan ilk hukumat Xitoy hukumati bo’ldi. Ular bu haqda bong urishga mas’ul edilar”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
AQShning o'zida ham ayrim mutaxassislar Prezident Trampning kasallikni “Xitoy virusi” deb atashini tanqidga oldi.
“Virus Xitoydan tarqaldi, ammo bu bilan u Xitoy virusi bo’lib qolmaydi. Bunday yondashuv Xitoy xalqini tamg’alash demakdir”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro aloqalar kengashidan Joshua Kurlyansik.
Mart boshida Tramp ma’muriyati AQSh hududida faoliyat yurituvchi Xitoyga qarashli besh davlat matbuot organining 160 xitoylik muxbiridan 100 nafarini qoldirishga qaror qilishi ketidan rasmiy Pekin AQShning “Nyu-York Tayms”, “Uoll Strit Jornal”, “Vashington Post” gazetalarining Xitoyda ishlayotgan amerikalik jurnalistlarini mamlakatdan haydashini bildirdi.