AQShning ba’zi shtatlarida karantin yengillashishi bilan odamlar ko’cha va plyajlarni to’ldirib yubordi. Oq uyda koronavirusga qarshi kurash guruhi rahbari Debora Birks hayot normal holatga hali-beri qaytmaganini aytib hammani ogohlantirdi.
“Kim virus yuqtirganini bilmaysiz. Ijtimoiy masofani saqlash o’ta muhimdir. Agar buning iloji bo’lmasa ko’chada, niqob taqib yuring”, - deydi rasmiy.
Dunyoda 5,5 milliondan ziyod odam koronavirusga uchragan, AQShda o’lganlar soni 100 mingga yaqinlashyapti. “Nyu-York Tayms” gazetasi shu kungacha har bir shtatdan o’lgan ba’zi odamlarning ismlarini chop etdi.
Prezident Donald Tramp shtatlardan diniy markazlarni ochishni so’ramoqda.
“Ibodatxonalar, cherkovlar, singagogalar, masjidlarni muhim xizmatlar ko’rsatuvchi muhim joylar deb belgilayapman”, - dedi u.
Ba’zi ruhoniylar va din arboblari bu gapni ma’qullab chiqdi.
“Qonunni buzishni istamaymiz. Biz sabrli bo’ldik. Ibodatxonalarimizni ochib, odamlarga xizmat ko’rsatish vaqti keldi”, - deydi kaliforniyalik ruhoniy Den Kerrol.
“Gubernatorlar muhim joy sanalmish diniy maskanlarni ochishi lozim, aks holda ular uchun bu qarorni men qabul qilaman”, - dedi Tramp.
Ba’zi cherkovlar eshiklarini ochib, jamoat orasida koronavirusga uchragan odamlar borligi aniqlandi.
“Ibodatni tashqarida qiling, ijtimoiy masofaga rioya qiling, boshqa odamlar bilan qo’l berib aloqa qilmang. Bu oson emas. Ko’pchiligimiz xatti-harakatimizni o’zgartirishga majbur bo’lyapmiz”, - dedi Oq uy rasmiysi Birks.
Iqtisodiy zararni qoplash maqsadida mamlakat bo’ylab restoranlar va bizneslar ochila boshlar ekan, Debora Birks virusning ikkinchi to’lqini haqida ogohlantirmoqda.
“Kuzda shunday bo’lish ehtimoliga tayyorgarlik ko’ryapmiz. Shaxsiy himoya vositalari, nafas oldiruvchi apparatlarni g’amlab, muolaja usullari, vaksina ustida ishni tezlashtirishga harakat qilyapmiz”, - dedi u.
Virus qaytib kelsa, Prezident Tramp ayni cheklov qoidalarini joriy etmasligini, iqtisodiyotni to’xtatmasligini aytdi.