Trampning madaniyat urushi

  • Amerika Ovozi

Golivudda 1939-yilda ishlanib, “Oskar” mukofotiga sazovor bo’lgan “Shamollarda qolgan hislarim” filmida AQShda 19-asr o’rtalaridagi Fuqarolar urushidan oldingi janub va qullikni saqlab qolish tarafdori bo’lgan 11 shtatdan iborat konfederatsiya tasvirlanadi. Internet orqali filmlar namoyish etuvchi "HBO Max" kanali kartinani irqiy xurofotlarga boy deb olib tashladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Trampning madaniyat urushi

So’nggi kunlarda AQShda irqiy kamsitishlarga qarshi namoyish qilgan odamlar bir necha shtatda konfederatsiya arboblari sharafiga qo’yilgan haykallarni yiqitdi. Avtopoygalar uyushtiruvchi NASCAR kompaniyasi esa konfederatsiyaning poyga yo’laklari bo’ylab hilpiragan bayroqlarini olib tashladi.

Minneapolisda Jorj Floydning o’limi ketidan avj olgan namoyishlar qatnashchilari AQShning qullik davriga aloqador ramzlariga qarshi chiqmoqda.

“Siz, xalqingiz, sizga o’xshagan odamlarni ko’char mulk kabi qullikda saqlashni istagan odamlar va ular targ’ib qilgan ramzlarni ulug’lash, sharaflashni kuzatish aqlli odamning ishi deb o’ylamayman”, - deydi “Rangli demokratiya” siyosiy tashkiloti asoschisi Stiv Fillips.

Ba’zilar konfederatsiya armiyasining yetakchi qo’mondonlari ismlari bilan yuritilayotgan AQSh armiyasining Fort Brag, Fort Xud, Fort Li kabi 10 ta harbiy bazasiga yangi nom berishni taklif etmoqda. Harbiy arboblarning ba’zilari buni qo’llab-quvvatlamoqda. Demokrat senatorning shu to’g’risidagi taklifini ayrim respublikachilar ham yoqlab chiqdi.

“Hozir bu ishning ayni payti. Xalq ham buni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi respublikachi senator Mayk Raunds.

Biroq taklifni tanqid qilayotgan Prezident Donald Tramp Kongress chorani qabul qilsa ham unga veto qo’yishini bildirdi.

“Bu tarixiy va qudratli bazalar Amerikaning g’alabalar va erkinlik tarixida buyuk merosning bir qismiga aylanib ulgurgan”, - dedi Oq uy matbuot kotibi Keyli Makinani.

AQShning 1776-yilda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasida har bir inson teng yaratilgani aytiladi. Qullik Amerikada 1865-yilda bekor qilingan bo’lsa-da, afro-amerikaliklar irqiy kamsitishlar asoratini haligacha his qiladi. Konfederatsiya ramzlari bunga bir misol.

“E’lon qilingan va inkor etilgan tenglik o’rtasida davom etayotgan qarama-qarshilikni ifoda etuvchi qat’iyatga guvohmiz”, - deydi Virjiniya universiteti professori Jeyms Deyvison Xanter.

Uning aytishicha, siyosat murosadan iborat bo’lishi kerak, ammo madaniyat muayyan xalq voz kechishni istamagan muqaddas qadriyatlardan iboratdir. Madaniyatlar urushida tarafkashlik qilish bilan, deydi professor, Tramp noyabrda bo’ladigan saylovlardan oldin xalqni yanada bo’lib qo’yishi mumkin.