Tramp muxolifat bilan hamkorlikka tayyormi?

  • Amerika Ovozi

2018-yil Amerika siyosatida o’zgarishlar davri bo’ldi. Noyabr saylovlarida demokratlar Kongressda Vakillar palatasidagi hukmronlikni qayta qo’lga oldi. Prezidentligining birinchi yarmida muxolifat tomonidan zaif qarshilikka uchragan Donald Tramp uchun keyingi ikki yil og’ir bo’lishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-dekabr, 2018-yil - Tramp muxolifat bilan hamkorlikka tayyormi?

“Ertaga Amerikada yangi davr boshlanadi!” - Demokratlarning Vakillar palatasidagi sardori Nensi Pelosi oraliq saylovdagi g’alabani shunday izohlagan.

Uning partiyasidan saylangan nomzodlarga saylovda bu gal ancha faolroq qatnashgan ayollar va progressiv saylovchilar yordam berdi.

“Tariximizning eng qora kunlari ortda qolmoqda. Kelajagimizni qo’rquvlarimiz emas, umidlarimiz belgilaydi”, - dedi Massachusets shtatidan saylangan nomzod Ayanna Pressli.

Demokratlar Vakillar palatasidagi ko’pchilik maqomidan foydalanib, Prezident Trampga qonunchilikda to’siqlar yaratishi, ba’zi masalalarda tergov boshlashi kutilmoqda.

Biroq Tramp pinagini buzgani yo’q.

“Qo’llarida menga qarshi birorta dalil yo’q. O’yin o’ynashmoqchi. Mayli. Ammo biz ulardan yaxshiroq o’ynaymiz”, - dedi Tramp.

Demokratlar Trampga Meksika bilan chegarada devor qurish uchun pul ajratishdan bosh tortmoqda. Tahlilchi Jon Fortyening aytishicha, muxolifat bundan keyin qattiqroq qarshilik ko’rsatadi.

“Demokratlar quyi palatadagi ustunligini Tramp bilan qarama-qarshilikda ko’rsatib turishga, uning ma’muriyatini tergov qilishga intiladi. Bu holat 2020-yilgi prezident saylovlarigacha davom etadi”, - deydi ekspert.

Kongressdagi ustunlikni boy bergan Tramp demokratlar bilan murosa qilishga, kelishishga majbur, deydi yana bir siyosatshunos Jim Kessler.

“Shu paytga qadar Tramp demokratlar bilan kelisha olishini ko’rmadik. O’zini “kelishuvlar qiroli” deb atayotgan Tramp endi bu mahoratini namoyish eta olarmikan?” – deydi Kessler.

Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashganiga doir tergov yana bir necha oy davom etishi mumkin.

“Kelayotgan yil Tramp uchun muhimdir. U maxsus prokuror Robert Myullerning xulosalari yoki ayblovlari bilan yuzlashishga majbur bo’ladi”, - deydi tahlilchi Tom Defrank.

Virjiniya universitetidan siyosatshunos Gayan Makkining aytishicha, bundan keyin Tramp ham, uni saylovda yengishga umid qilayotgan ayrim demokrat arboblar ham kelasi prezident saylovlariga tayyorgarlikka jiddiy e’tibor qaratadi.

“2020-yilgi saylov kampaniyasi boshlandi desam mubolag’a bo’lmaydi. Bundan keyingi qarorlar va siyosatni, afsuski, ana shu kampaniya belgilaydi”, - deydi Makki.

Bu borada 2019-yil Tramp uchun muhim davr bo’ladi. Kelasi yil davomidagi siyosiy jarayonlar Trampning qayta saylanish imkoniyatlariga bevosita ta’sir qiladi.