AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Polsha rahbari Andjey Duda bilan uchrashib, harbiy aloqalarni kuchaytirishga kelishib oldi. Xususan, Polsha AQShdan F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olishga, Qo’shma Shtatlar esa bu mamlakatga qo’shimcha mingta askar va pilotsiz zarbdor apparatlar eskadrilyasini yuborishga ahd qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Polsha AQShning eng so’nggi avlod qiruvchi samoloyotlarini sotib olmoqchi. Prezidentlar Tramp va Duda shu haqda bitim imzoladi.
“Polsha 32 ta samolyot olmoqchi ekanini o’tgan hafta ma’lum qildi va biz bundan xursandmiz”, - dedi Tramp.
Ayni damda Polshada 4000 amerikalik askar joylashgan, Tramp yana ming nafar harbiyni yuboramiz, dedi.
O’tgan yili Polsha AQShdan 20 dona yuqori mobillikka ega artilleriya-raketa tizimini sotib olgan edi.
Muhojirlarga qarshi millatchi shiorlar bilan hokimiyatga kelgan Duda AQShdan o’z mamlakatida harbiy baza ochishni ham so’rab keladi. Polsha rahbari bazaga Tramp nomini berishni va’da qildi.
Varshava shu tariqa Rossiya agressiyasini qaytarishni ko’zlamoqda.
“Duda Polshadagi askarlarimiz soni 25 mingta bo’lishini xohlayapti. Shunga yaqin bo’lishi mumkin”, - dedi Tramp.
Rossiya Polshada AQSh harbiy salohiyati oshirilishiga tegishli javob beramiz, deydi.