Ekspertlar: AQShda ish o'rinlari o'sishda davom etadi

  • Amerika Ovozi

Birjada aksiyalar narxi har doimgidan baland. Iste'molchilar ishonchi o'sib bormoqda. Olti yildan beri ish o'rinlari faqat ko'paymoqda. Bu Prezident Donald Tramp avvalgi hukumatdan meros qilib olgan iqtisodiyot. Bundan buyon vaziyat qanday bo'ladi?

Yanvar oyida AQShda 200 ming yangi ish o'rni yaratildi. 20-yanvar kuni prezidentlikka kelgan Tramp kelajak uchun mas'ul, deydi "Bankrate" firmasi tahlilchisi Mark Hemrik.

"Agar men prezident Tramp bo'lganimda, xursand bo'lardim. Chunki kuchli ish bozorini meros qilib olyapman. Uning vazifasi endi mana shu barqaror o'sishni ushlab turish va va'da qilgan o'zgarishlarni amalga oshirish", - deydi u.

Massachusets Texnologiya instituti professori Endryu Makafining aytishicha, avtomatlashtirish jarayoni AQSh iqtisodiyotini o'zgartirishda davom etadi.

"Navbatdagi ulkan o'zgarish arafasidamiz. Bu dehqonchilikda ham, sanoatda ham, xizmat ko'rsatish, xullas, iqtisodiyotning barcha sohalarida yuz beradi", - deydi u.

Lekin bu ish o'rinlari kamayadi, degani emas. Zavodlar yopilgani yoki avtomatlashgani haqida gapirish oson, deydi professor, lekin Amerika iqtisodiy ustunlikni saqlab qolishi uchun unga yuqori malaka va bilimli kadrlar kerak.

Makafiga ko'ra, asosiy vazifa eskirgan ta'lim tizimini kelajak ishchilarini tayyorlash uchun moslashtirish. Ayni paytda eski ish o'rinlari boy berilmaydi. Ayniqsa, Prezident Tramp ulkan insfratuzilma dasturini amalga oshirsa, deydi u.

"Yo'llar, ko'priklar, transport va aeroport kabi ingfratuzilma qurilishi ko'plab odamlarni ish bilan ta'minlaydi. Hatto ishchilar yetishmovchiligi yuz berishi mumkin", - deydi tahlilchi Hemrik.

Bu esa 7,6 million ishsiz amerikalikni mehnat bozoriga qaytaradi. Kelajak iqtsodiyotida zavodlardagi an'anaviy ish o'rinlari kamayadi. Ularni robot va kompyuterlar bajara olmaydigan ishlardan qidirish kerak.