Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Nyu-Yorkda o’tayotgan BMT Bosh Assambleyasi yig’ini doirasida Donald Tramp bilan uchrashishni rejalagan. 25-sentabr kuniga belgilangan ushbu muloqot davomida tomonlar Suriya mavzusida gaplashishi kutilmoqda.
Anqara Suriyada qurollangan kurd qismlariga hujum qilishga hozirlanmoqda. Qo’shma Shtatlar kurdlarni o’z himoyasiga olgan, ular bilan jihodchilarga qarshi jang qilmoqda.
Tramp va Erdog’an Turkiyaning Rossiya havo mudofaasi sistemasini sotib olgani xususida ham gaplashishi mumkin.
Erdog’an suriyalik kurdlarni terrorchi deb biladi va ularga bir tomonlama hujum qilish ustida o’ylanmoqda. Biroq kurdlar Vashingtonning mintaqadagi muhim ittifoqchilaridan.
AQSh va Turkiya harbiylari kurdlarni Turkiya chegarasidan uzoqroq ushlashga kelishib olganiga qaramay, orada ishonch yo’q.
“AQSh va Turkiya vaziyatga turlicha qaraydi. Tomonlar umumiy bir kelishuvga erishmasa bo’lmaydi. Agar Turkiya shartnomaga xilof holda kurdlarga hujum qilsa, yana bir inqirozga duch kelamiz deb o’ylayman”, - deydi Istanbuldagi Qodir Xas universitetidan tahlilchi Soli O’zel.
Turkiya Rossiyadan raketa hujumiga qarshi “S-400” mudofaa sistemasini sotib olgani ham AQShni asabiylashtirmoqda. Vashington nazarida, bunday tizim NATO mudofaa sistemasiga tahdiddir. AQSh shu munosabat bilan Turkiyaga sanksiya qo’yishi mumkin, biroq ikki rahbarning Nyu-Yorkdagi uchrashuvi taranglikni tushiradi, deydi turk rasmiysi.
“Prezident Tramp va Erdog’an yangi yechim taklif qiladi”, - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Mesut Jashin.
Joriy oy boshida Erdog’an AQShdan “Patriot” mudofaa sistemasini sotib olishimiz mumkin deb aytgan. Ba’zilar buni AQShga murosa taklifi sifatida ko’rmoqda.
Mavjud tarangliklarga qaramay, ikki rahbar o’zaro ishchi aloqalar yaxshi ekanini aytadi.