Amerikadagi nasroniylar Prezident Donald Trampning mamlakatda bo’layotgan namoyishlarga munosabatini turlicha izohlamoqda. Liberal nasroniylar tanqidiy qarasa, konservativ injilchilar Trampning tartibni tiklash rejasini olqishlamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Vashington yeparxiyasi yepiskopi Marian Edgar Budd prezidentning yaqinda Oq uy qarshisidagi cherkov yonida Injil ushlab turgan suratini qoraladi.
“Prezident dinimizni, an’analarimiz va muqaddas makonimizni suiiste’mol qildi”, - dedi ruhoniy ayol.
Trampning Avliyo Ioann cherkoviga ziyoratidan oldin uning yerto’lasiga o’t qo’yilgan edi. Politsiya bu ishga kim qo’l urganini aniqlash uchun tergov olib bormoqda.
Tramp tarafdorlarining asosini tashkil etuvchi injilchi nasroniylar esa cherkovga ziyoratni olqishladi.
“Prezident Trampning o’sha cherkov oldida turishi nafaqat bu, balki Amerika bo’ylab boshqa ibodatxonalar bilan birdam ekanini, cherkovlarni buzg’unchilardan himoya qilish qat’iyatini yana bir bor namoyish etishini bildiruvchi ramziy qadam bo’ldi”, - dedi dallaslik baptist ruhoniy Robert Jeffres.
Biroq injilchilarning ayrimlari Trampning qonun va tartibni tiklash haqidagi ma’ruzasini qo’llab-quvvatlamadi. Odatda televideniye orqali diniy ma’ruzalar qiladigan Pet Robertsonning aytishicha, hozir harbiy kuch bilan qo’rqitadigan emas, rahm-shafqatga da’vat qiladigan paytdir.
Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, may oxirida Trampning oq tanli injilchilar orasida reytingi 15 foizga pasaygan. Mart oyida uning reytingi 80 foiz atrofida edi.
Pandemiya va ijtimoiy notinchliklarga qaramay, umuman olganda Trampga ishonch qattiq tushmagan.
Pandemiya ta’siridan xavotirlangan qariyalar va shahar chetida yashovchi ayollarni hisobga olmaganda respublikachilar orasida Trampning reytingi yuqori.
“Ijtimoiy tartibsizliklar qishloq ayollarining Trampga ishonchini bir oz so’ndirgan bo’lishi mumkin. Saylovga yaqin ularning pozitsiyasi qanday bo’lishini kuzatish kerak. Injilchi nasroniylar, oq tanli ishchilar undan yuz o’girmaydi”, - deydi respublikachi sotsiolog Vit Ayres.
2016-yil saylovlarida oq tanli injilchilarning 81 foizi Trampga ovoz bergan. Oq uydagi faoliyati davomida prezident ushbu tabaqa vakillarining siyosiy qarashlariga e’tiborli bo’lib keldi.
“Shu paytgacha Oq uyda hali hech kim tug’ilmagan chaqaloqlarni menchalik himoya qilmagan”, - degan Tramp abortlarga qarshi injilchilarga qarata.
Bu yilgi saylovlarda ham Trampning umidi shu saylovchilardan.
“Tramp diniy erkinlik tarafdori, abortlarga qarshi, sudyalarni tayinlashga kelganda o’zini konstitutsionchi deb biladi, Isroilni qo’llab-quvvatlaydi. O’ylaymanki, bu saylovda u oldingisidan ham ko’proq ovoz oladi”, - deydi “E’tiqod va erkinlik koalitsiyasi” tashkilotidan Ralf Rid.
Saylovga hali yana besh oy bor ekan, kutilmagan ko’p voqealar ro’y berishi mumkin.
Pyu tadqiqot markazining eng so’nggi ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, o’zini respublikachi yoki respublikachilarga yaqin deb bilgan odamlarning 77 foizi Trampning koronavirusga qarshi siyosatini ma’qullaydi. Mart oyida bundaylar 83 foiz atrofida edi.