Katta Yigirmalik sammitidan qaytib kelganidan so’ng Prezident Tramp tashqi siyosatda yutuqlarga erishganini da’vo qilmoqda. Osiyoga uch kunlik safar davomida aynan nimalarga erishildi?
Uch kunlik dastur voqealarga boy bo’ldi. Xitoy bilan savdo urushida sulhga erishildi. Amerika prezidenti tarixda ilk bor Shimoliy Koreya zaminiga qadam qo’ydi.
Biroq Vashingtondagi Amerika tadbirkorlik instituti tahlilchisi Zak Kuperning aytishicha, yutuqlar haqida gapirishga hali erta.
Tramp tanqidchilari e’tiroziga ko’ra, Amerika rahbarining Kim Chen Un bilan yadro dasturi masalasida hech bir kelishuvga erishmasdan turib mamlakatiga qadam bosgani xato bo’ldi.
Tramp Amerika shirkatlariga Oq uy tomonidan AQSh milliy xavfsizligiga putur yetkazayotganlikda ayblangan Xitoyning “Huawei” telekommunikatsiya kompaniyasiga uskuna sotishga ruxsat bergani ham tanqid ostida.
Tramp, shuningdek, ko’plab mamlakatlar pozitsiyasiga qarshi chiqib, Katta Yigirmalik sammitining yakuniy bayonotiga “proteksionizm” so’zining kiritilishini ma’qullamadi.
“Tramp Katta Yigirmalik kabi ko’p tomonlama forumlar muhim ekanini hatto nomiga bo’lsa ham tan olmaydi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Mettyu Gudmen.
Trampning 2016-yilda AQShda prezident saylovlariga aralashuvda ayblangan Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan hamda jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limiga mas’ul deb bilinayotgan Saudiya Arabistoni qirolining valiahdi shahzoda Muhammad Bin Salmon bilan uchrashuvlari ham ba'zilar tomonidan tanqid qilinmoqda.
Shunga qaramay, Tramp Katta Yigirmalik sammitini o’z tashqi siyosatidagi katta yutuq sifatida keltirmoqda.
“Hamma meni iqtisodiyotimizdagi yutuqlar uchun tabrkiladi”, - deydi AQSh rahbari.
Tramp 2020-yilda qayta saylanishga umid qilarkan, uning jahon sahnasidagi kuchli arbob sifatidagi imiji saylov kampaniyasida qo’l kelishi mumkin.
Biroq o’z saylovchilaridan tashqari Tramp partiyasidan ham madad olishi muhim.
“Respublikachilarning ayrimlari uning siyosatini tanqid qilishi ham ehtimoldan xoli emas”, - deydi tahlilchi Zak Kuper.
Tanqidlarga qaramay, Trampning Xitoy bilan savdo urushini keskinlashtirmagani ba’zi mutaxassislar olqishiga sazovor bo’ldi.
“Tramp va Si savdo masalasida nimaga kelishganini bilmaymiz, ammo shu tobda urushning avjga chiqmayotgani ijobiy hol”, - deydi Mettyu Gudmen.
Eronni yadro dasturi masalasida keskin tanqid qilayotgan Tramp uchun Pxenyanga atom dasturini muzlatishga ruxsat beruvchi taklifni asoslab berish oson bo’lmaydi.
Shu kungacha AQSh Shimoliy Koreyadan butunlay qurolsizlanishni talab qilib kelayotgan edi. Ammo Trampning Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Bolton AQSh rahbari Pxenyanga bunday taklif bilan chiqmoqchi ekani haqidagi xabarlarning asossiz ekanini aytmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5