Shu oy prezidentlikdan ketayotgan Jo Bayden qurol zo’ravonligining oldini olishga qaratilgan qator choralarni kuchaytirgan, biroq qurol egalari huquqlarini qo’llab-quvvatlovchi Donald Tramp bu borada o’zgacha siyosat yuritishi kutilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp Oq uyga qaytishi bilan qurol egalarining huquqlarini himoya qilishga so’z bergan.
“Ikkinchi prezidentlik muddatim davomida Bayden Konstitutsiyaning ikkinchi tuzatishiga qilgan har qanday hujumni qaytaramiz. Hujumlar tez va shiddatlidir. Bayden Oq uydan daf bo’lishi bilan boshlaymiz”, - degan edi Tramp 2024-yil mayida.
2023-yilda AQShda qurol zo’ravonligidan taxminan 47 ming odam o’lgan. Prezident Bayden joriy etgan ayrim choralar tadqiqotchilar nazarida statistikani yaxshilashga qaratilgan.
“Jamoalarda zo’ravonlik holatlarining oldini olish dasturlariga pul ajratilgan. Bayden ma’muriyati huquq-tartibot organlarining qurol sanoatini nazorat qilish imkoniyatini kuchaytirdi”, - deydi Jons Xopkins universitetidan Jen Polikonis.
Qurol faollari ushbu choralar Konstitutsiyaning qurolga egalik qilish huquqini kafolatlovchi ikkinchi tuzatishiga xilof ekanini, Tramp ularni bekor qilishini aytadi.
“Ular bu bilan odamlar xavfsizligini ta’minladi deb o’ylamaymiz. Ikkinchi tuzatish huquqlariga tajovuzdan boshqa narsa emas bu”, - deydi “Ikkinchi tuzatish jamg’armasi”ning vitse-prezidenti Alan Gottlib.
Qurol egalari Tramp qurolni yashirin tarzda olib yurish huquqining barcha shtatlarda amal qilishini ta’minlovchi qonun loyihasini imzolash va’dasining ustidan chiqishiga umid qilmoqda.
“Har bir shtatga kirganda uning qurolga doir qonunlarini ko’rib chiqish kerak bo’ladi. Ayrim shtatlarga qurol bilan kirish qonunga xilofdir. Masalaning federal darajada hal etilishini istaymiz”, - deydi qurolga egalik qilish huquqini himoya qiluvchi “Wisconsin Carry” tashkilotining prezidenti Nik Klark.
Viskonsin shtatida yashovchi Frenk Simorelli ismli odamning ruhan bemor o’g’li 2022-yilda qonuniy ravishda sotib olingan qurol bilan o’ziga o’q uzib, bir necha haftadan so’ng o’lgan.
Simorelli Tramp ma’muriyati qurol sotib olayotgan shaxs ma’lumotini tekshirish kabi xavfsizlik choralarini bekor qilmaydi deya umid qilmoqda.
“Agar ota yoki ona himoya uchun uyda qurol saqlayotgan bo’lsa, muammo yo’q. Muammo shundaki, sizning qurolga egalik qilish huquqingiz mening qurolni uyda saqlamaslik huquqimdan ustun bo’lmasligi kerak”, - deydi Simorelli.
Pyu (Pew) ijtimoiy tadqiqot markazi ma’lumotiga ko’ra, jamoatchilik orasida ruhiy kasal odamlarning qurol sotib olishiga qarshilik katta, biroq qurolga doir boshqa masalalarga kelganda amerikaliklarning fikri bo’lingan.