Trampga qarshi impichment jarayoni dunyoda qanday qabul qilinmoqda?

  • Amerika Ovozi

Kongressda Trampga qarshi bo’layotgan impichment jarayonini nafaqat amerikaliklar, balki xorijliklar ham kuzatmoqda. Ba’zilarning aytishicha, bu Amerika demokratiyasidan dalolat. Tramp saylovda ustunlikka erishish maqsadida Ukraina hukumatiga bosim qo’yib, demokrat raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden va oilasining Obama prezidentligi paytida Ukrainadagi ishlarini tekshirishni talab qilganlikda ayblanmoqda. Biroq Trampning o’zi asl maqsadi saylov bilan bog’liq ekanini inkor etmoqda.

Britaniyada ham saylovlar yaqinlashar ekan, britanlar o’zlaridagi siyosiy mashmashaning aksini okean ortida ko’rmoqda.

“AQSh va Birlashgan Qirollik hukumat ishining izdan chiqish, layoqatsizlik darajasi bo’yicha raqobatlashmoqda”, - deydi londonlik siyosatshunos Tomas Gift.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, britanlarning beshdan birigina Donald Tramp haqida ijobiy fikrda.

“Agar impichment masalasi Vakillar palatasidan o’tsa, Senat qat’iyat bilan qaror chiqaradi degan umiddaman. Bunday odamning prezident bo’lishi to’g’ri emas, chetlatilishi kerak”, - deydi londonlik Dayo Tomas.

Parijda esa Vasingtondagi siyosiy janglarga qiziqish turlicha.

“Impichment jarayoni demokratiya amalidan dalolat”, - deydi shifokor Jak Gro.

“Tramp saylanganidan so’ng AQSh siyosatini ko’proq odam kuzata boshladi, ammo hozir qiziqish ancha susaygan”, - deydi talaba Selen Ay.

Rossiyada esa impichment jarayoniga qiziqish ham, Trampga xayrixohlik ham kattaroq.

“Avval uni saylashdi, endi esa lavozimidan tushirishmoqchi. Bu to’g’ri emas”, - deydi moskvalik Mixail.

“Bu ichki siyosiy kurashdir. Baydenning jamoasi Trampni yiqitish uchun unga qarshi ma’lumot qidirmoqda”, - deydi uning Dmitriy ismli hamshahari.

AQSh Rossiyaga strategik raqib bo’lgani bilan Trampning siyosiy muammolari Prezident Putinni xursand qilmaydi, deydi bir ekspert.

“Amerikada kuchli prezident bo’lsagina, Rossiya bilan aloqalardagi muammolar hal bo’ladi, ammo impichment jarayoni Tramp pozitsiyasini zaiflashtiradi”, - deydi Rossiya Xalqaro aloqalar kengashi direktori Andrey Kortunov.

Jarayon 2020-yilda yakun topishi kutilmoqda. Agar Tramp kelasi yilgi saylovgacha lavozimidan olinsa, saylovda vitse-prezident Mayk Pens qatnashishi mumkin.