Trampning Quddus bo'yicha qaroriga qarama-qarshi fikrlar

  • Amerika Ovozi

Anqarada norozilik namoyishlari

Quddus shahrini Isroilning poytaxti sifatida rasman tan olgan AQSh Prezidenti Donald Tramp boshqa mamlakatlar ham Amerika ketidan shunday qilishiga, AQSh elchixonasi Quddusga ko’chganidan so’ng boshqa hukumatlar ham o’z elchixonalarini ko’chirishiga umid qilmoqda.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, uning hukumati boshqa mamlakatlar bilan shu mazmunda muloqotni boshlagan.

“Bu davlatlar ham Quddusni poytaxtimiz sifatida tan olishga tayyor. Amerika elchixonasi Quddusga ko’chishi bilan, balki undan oldin, boshqa elchixonalar ham ko’chishiga shubham yo’q. Buning vaqti keldi”, - dedi Netanyaxu.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Trampni Yaqin Sharqni olov ichiga otganlikda aybladi.

“Hoy, Trump, sen nima qilmoqchi bo’lyapsan? Maqsading nima? Kim bunday siyosat olib boradi axir? Siyosatchilar hamma yoqni alg’ov-dalg’ov qilish uchun emas, tinchlikni saqlash uchun kerak. Janob Trampning bayonotlarini oshxonadagi blenderga o’xshataman – tinchlik o’rniga, janjalni boshlamoqda”, - dedi Erdog’an.

Isroil Mudofaa vazirligi har ehtimolga qarshi Iordan daryosining g’arbiy sohilida qo’shinlar sonini oshirishni buyurdi.

Trampning Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish qarorini Falastin rahbarlari ham qoraladi.

Vashingtonning mintaqa va boshqa qit’alardagi ba’zi ittifoqchilari ham AQSh tashqi siyosatidagi bunday keskin o’zgarishdan tashvish bildirdi.

Tramp saylov kampaniyasi paytida bergan va’dalaridan biri shu edi va AQSh rahbari va’dasiga vafo qilganini iftixor bilan so’zladi.

AQSh Kongressi elchixonani Quddusga ko’chirish haqida 1995-yilda qaror qabul qilgan, ammo prezidentga qaror ijrosini har olti oyda kechiktirish vakolati ham berilgan edi. Trampgacha bo’lgan uch prezident ana shu vakolatini ishga solib, Quddusni poytaxt sifatida tan olmay kelgan edi.

Gap shundaki, Falastin o’z davlatiga ega bo’lishga intilar ekan, Sharqiy Quddusni bo’lajak poytaxti sifatida ko’radi. Netanyaxu esa Quddus yahudiylar yeri va bo’linmaydi, deb kelgan.

Tramp saylov kampaniyasi paytida Isroil-Falastin muammosini ham yechaman, deb va’da bergan edi. Ammo kechagi bayonotidan so’ng Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Qo’shma Shtatlar bu masalada vositachilik rolidan o'zini mahrum qilganini aytdi. XAMAS raisi Ismoil Haniya esa falastinliklarni jumadan boshlab Isroilga qarshi isyon ko’tarishga chaqirdi.

Dunyo bo’ylab musulmonlar, jumladan amerikalik musulmonlar ham Tramp qarorini qoraladi.

“Tramp Amerika va xorijdagi diniy ekstremizm tegirmoniga suv quymoqda. U Yaqin Sharq tinchlik jarayonini ko’mib qo’ydi”, - dedi Amerika-Islom aloqalari kengashi rahbari Nihad Avad.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, Quddus maqomi Isroil va Falastin o’rtasida, bevosita muzokaralar orqali hal qilinishi kerak. Bir tomonlama harakatlar tinchlik harakatlariga putur yetkazadi, dedi u.

“Isroil va Falastin rahbarlarining ma’noli muloqotga qaytishi uchun qo’limdan kelganini qilaman”, - dedi bosh kotib.

Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekatga ko’ra, AQSh endi tinchlik jarayonida qatnasha olmaydi.

“Tramp xalqaro qonunchilikni, inson huquqlarini oyoqosti qilib, Falastin va Isroil o’rtasidagi siyosiy ixtilofni diniy ixtilofga aylantirmoqda”, - dedi u.

Ba’zi tahlilchilarning aytishicha, Trampning kechagi qarori Amerika yetakchiligidagi tinchlik jarayonini to’xtatib qo’ydi.

“Falastin xalqi buni hazm qila olmaydi. Amerika bilan endi tinchlik jarayoni bo’yicha ish qilmoqchi bo’lgan Falastinning har qanday rahbari xalq oldida obro’sini to’kadi. Amerika boshliq tinchlik jarayoni bitdi deyavering”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Xolid Elgindi.

Yahudiy siyosatshunoslar nazarida esa, Quddusning AQSh tomonidan poytaxt deb e’tirof etilishi muzlab qolgan tinchlik jarayoniga turtki bo’ladi.

“Tramp falastinliklarga “agar chetda turaversangiz, vaziyat oldingiday turmasligi ham mumkin, tashabbusni boy beryapsiz” degan ma’noda signal yubordi. Falastinliklar vaziyatdan chiqish yo’lini izlashi, tinchlik jarayoniga to’g’anoq bo’lmaslikni anglab yetishi zarur”, - deydi Vashingtondagi dindor yahudiylarning “Ortodoks Ittifoqi” tashkiloti vakili Natan Diament.

Kuzatuvchilarga ko’ra, yaqin kunlarda mintaqa beqarorlikka yuz tutadi.