AQSh Prezidenti Donald Tramp nazarida, amerikalik yahudiylar Respublikachilar partiyasiga ovoz berishi kerak, chunki demokratlarga ovoz bergan yahudiylar yo nodon yo vatanparvar emas. Isroil AQSh Kongressida Demokratik partiyaning ikki musulmon qonunchisiga mamlakatga kirishni man qilishi ketidan Tramp muxolifatni va uni qo’llab-quvvatlayotgan yahudiylarni koyidi. Aksariyat amerikalik yahudiylar uning bu bayonotini antisemitizm sifatida ko’rmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Nazarimda, demokratlarga ovoz bergan yahudiylarning yahudiy xalqiga yoki Isroilga sadoqati yo’q”, - degan Tramp.
Demokratlarning Senatdagi yahudiy sardori Chak Shumer nazarida, Trampning bu gaplari AQSh va dunyoda antisemitizmga bevosita yoki bilvosita turtki beradi.
Vermont shtatidan saylangan senator va prezidentlikka nomzodini qo’ygan yagona yahudiy Berni Sanders ham Tramp so’zlarini qoraladi.
“Yahudiyligimdan faxrlanaman. Demokratlarga ovoz berayotgan yahudiylarga g’arazim yo’q. AQShning keyingi prezidenti bo’lishga harakat qilayotgan odamga ovoz berish niyatidaman”, - dedi Sanders o’zini nazarda tutib.
Biroq isroillik yahudiylar Trampni bu masalada qo’llab-quvvatladi.
“Tramp haq. Bir million yahudiy, demokratlarda Isroilga sadoqat yo’q. Ular doim bizga qarshi, mamlakatimizga, xalqimizga qarshi. Klinton ham, Obama ham shunday edi. Obama faqat muammolar keltirdi bizga”, - deydi Yossi ismli savdogar.
“Tramp og’zidan chiqqan har bir so’zni 100 foiz qo’llab-quvvatlayman”, - deydi Itsik Chuna ismli isroillik.
Tel-avivlik sharhlovchi Shmuel Rosner esa tashvish bildirdi.
“Uzoq tariximizdan shunisi ma’lumki, yahudiylarning sadoqati haqidagi gaplar yahudiylarning o’ziga zarar. Xoh bu sadoqat ular yashayotgan mamlakatga nisbatan bo’lsa, xoh o’z xalqiga nisbatan bo’lsin, bu hamisha yahudiylar dushmanlari qo’lida qurol bo’lib xizmat qilgan. Bu gaplarning AQSh prezidentidan chiqishi aksariyat yahudiylar uchun nosog’lom va xavfli muhit paydo bo’lishiga olib keladi”, - deydi Yahudiy xalqi siyosati instituti mutaxassisi.
So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, AQShda yashovchi yahudiylarning 75 foizi o’zini demokrat deb biladi. Trampning sadoqat haqidagi gaplari bu holatni o’zgartirishga harakat ekani aytiladi.
Ba’zilar nazarida, yahudiylarning Isroil va o’z diniga sadoqatliroq bo’lishiga da’vatlar oq tanli millatchilarning ularga nisbatan adovatini qo’zg’atishi mumkin.