Tramp Shimoliy Koreya rahbari bilan yana uchrashishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan yaqin kelajakda uchrashishi mumkinligiga ishora qildi. Ikki mamlakat diplomatik aloqalarga ega bo'lmasa-da, iyun oyida Tramp va Kim Singapurda ilk bor ko'rishib, yadro xavfsizligini muhokama qilgan edi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, o'sha uchrashuv chog'ida Kim Chen Un yadro qurollaridan voz kechishga va'da berganiga qaramay, Pxenyan bu borada amaliy qadamlar qo'ymagan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Amerikaning diplomatik harakatlari natijasida Kim Trampga bergan va'dalarining ustidan chiqishiga sharoit yaratilmoqda.

“Shimoliy Koreya yadro qurollaridan voz kechishiga ishonaman, biroq bunga sana belgilash noto'g'ri", - dedi Pompeo.

Davlat kotibi ikkinchi sammitni tashkillashtirish maqsadida yaqinda Pxenyanga safar qilishi kutilmoqda.

“Yil oxirigacha borib kelaman", - dedi u.

Pompeo jurnalistlar bilan muloqot chog'ida uchrashuvda qanday masalalar kun tartibida bo'lishi kutilayotgani, Shimoliy Koreya yadro quroli va uzoq masofali raketa dasturlarini yopish mavzusida qanday muloqot ketayotgani haqida so'z ochmadi.

“Ko'p narsalar bo'lyapti. Muzokaralar tafsilotlari haqida og'iz ocholmayman. Biroq yakuniy maqsad bitta - Shimoliy Koreyani yadro qurollaridan batamom xoli qilish", - dedi Pompeo.

Donald Tramp 24-sentabr kuni BMTda so'zlab, Kim Chen Undan yaqinda maktub olganini, xatda Shimoliy Koreya rahbari Tramp bilan yana uchrashish istagida ekanini yozganini aytdi.

Roppa-rosa bir yil oldin Tramp BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasidagi nutqida AQShga do'q-po'pisa qilgan Shimoliy Koreyani butunlay vayron qilaman, deb xitob qilgan edi. O'shandan beri Trampning Shimoliy Koreyaga nisbatan ohangi o'zgargan.

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In o'tgan hafta uch kun Pxenyanda bo'lib, Kim Chen Un bilan muloqot qilgan. Tramp Nyu-Yorkda Janubiy Koreya rahbari bilan ko'rishib, Pxenyandagi uchrashuv tafsilotlari bilan qiziqqan.