G'arbiy virjiniyaliklarning aksariyati Tramp tarafida

  • Amerika Ovozi

Donald Trampning asosiy saylovchilari kim? Uning ayollarga nisbatan 10 yil oldin aytgan shahvoniy gaplari reytingini tushirib yubordi, biroq asosiy saylovchilari Trampdan yuz o’girgani yo’q.

G’arbiy Virjiniya shtatida yashovchi konchi Kris Rouz Donald Trampga sodiq saylovchilardan.

“Tramp o’ylaganini gapiradi, qog’ozga o’ramasdan, qo’rqmasdan”, - deydi u.

Konchilik G’arbiy Virjiniyadagi muhim sanoatlardan. Rouz ko’pdan beri bu sohada ishlaydi.

“Oilamizning barcha a’zolari ko’mir sanoatida ishlaydi. Hayot uslubimiz bu, sohadagilar bilan aka-ukadekmiz”, - deydi Rouz.

Biroq so’nggi yillarda soha katta qiyinchiliklarga uchradi. Konchilar hukumatni qo’shimcha cheklovlarda ayblab, saylovda Trampga ovoz bermoqchi.

Biroq Rouz va uning oilasi Trampning ayollar haqidagi gaplari bitilgan videodan ranjiganini aytadi.

“Trampning hamma gaplariga ham qo’shilavermayman. Prezidentlarga xos gapirishni o’rganishi kerak u”, - deydi Kris.

Ammo o’zgarishlarga muhtojmiz, deydi u.

“Klintonlardan to’yganmiz. Bushlardan ham. Chetdan odam kelishini xohlaymiz. Boshqalarga ham imkon berish kerak”, - deydi konchi.

G’arbiy Virjiniya universiteti talabalari ham saylovoldi kampaniyani muhokama qilmoqda. Demokratik partiyaning yosh faollaridan Eynjel Mullen Trampdan nafratlanadi.

“Ayol kishi va ozchilik guruhi vakili sifatida Donald Trampga ishonmayman. Ayollar huquqlari uchun kurashishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Klinton tarafdori.

Emma Xarrison Xillari Klintondan ilhomlanishini aytadi.

“Bir kun kelib men ham biror lavozimga saylanishni istayman. Agar Klinton prezidentlikka saylangan ilk ayol bo’lsa, men bundan ruhlanaman”, - deydi u.

“Tog’ shtati” nomini olgan G’arbiy Virjiniya mamlakat bo’ylab iqtisodiy jihatdan qoloq shtatlardan. Aholisi, asosan, yoshi katta oq tanlilardan iborat. Tramp - ularning umidi, deydi tahliIchi Patrik Xiki.

“G’arbiy virjiniyaliklar Trampning global iqtisodiyot amerikalik ishchilarga zarar keltirgani haqidagi saylovoldi gaplariga qo’shiladi. Bu muammo mamlakat bo’ylab, ayniqsa, shu shtatda yaqqol seziladi”, - deydi Xiki.

Saylov kuni Trampning G’arbiy Virjiniyada g’alaba qilishi shubhasiz. Mavhum kelajakka yuz tutayotgan shtatning o’zgarishlarga chanqoq saylovchilari uning ayrim xatolariga ko’z yumib, Trampga umid bilan qarashi kutilmoqda.