AQSh-Meksika: Tirikchilik har yerda og'ir masala

  • Amerika Ovozi

Indianapolis, Indiana shtati

Meksikada gul sotadigan ayol biznesi Amerika bilan chambarchas bog’liq ekanini biladi. Qaysi sohada ishlamang, globalizatsiya ta’siri ostidasiz. Korxonalar va ish o’rinlari bir mamlakatdan ikkinchisiga ko’char ekan, kim yutib, kim yutqazayotganini aniqlash qiyin.

Ikki shahardagi ikki biznes. Ulardan biri Indiana shtatidagi ikki million odam yashaydigan shahar.

Ikkinchisi esa Meksikada. Bir million aholiga ega. Sanoatlashgan, nisbatan boy.

Viktoriya Alday Monterrey shahrida gul sotadi. Xaridorlari Amerikaga tegishli korxona ishchilari. Konditsioner ishlab chiqaruvchi “Carrier” kompaniyasi bu yerda kengayadi degan gaplar bor. Viktoriya uchun xushxabar.

“Mehnatkashlar ko’paysa, menga yaxshi. Gulimga xaridor ko’payadi. Kamaysa, albatta, zarar”, - deydi u.

Meksikalik Luis Bustos esa Indianapolis shahridagi biznesidan mamnun. Bosmaxona egasi u.

“45 minutda yangi kompyuter o’rnatib, ikki soatdan sal oshiq payt ichida litsenziya olib, yangi tijoriy ish boshlab yubordim”, - deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Ikki mamlakat, bir dard - tirikchilik

O’tgan 15 yil mobaynida Indiana shtati 100 ming ish o’rnini boy berdi. Xorijga ketdi hammasi. “Carrier” kompaniyasi vatanda qolsa, yangi prezident unga 7 million dollar miqdorida imtiyoz va’da qilmoqda. Donald Tramp Indianapolisga kelib, xodimlar bilan muloqot qildi. Qoling shu yerda, dedi.

Bu kompaniyaga yaqin joyda “Rexnord” zavodi bor. Kelasi yilning martida yopiladi. 300 ish o’rni Meksikaga ketadi.

“Rexnord” xodimi Joshua Shartzer hukumatdan norozi. “Nega bizning kompaniya bilan muzokara qilishmayapti”, deydi u.

“Qator turib, odamlar o’z haqqini talab qilishi kerak. Nega mening ishim Amerikadan chiqib ketayapti? Nega mening joyimni saqlab qolish uchun harakat yo’q?” - deydi ishchi.

Kasaba uyushmasi rahbari Chak Jouns vaziyatni o’ta salbiy baholaydi.

“Ish joylarini saqlab qolish uchun boy kompaniyalarga imtiyoz taklif qilinayotgani kulgili. Imtiyoz ham axir xalqning puli”, - deydi u.

Iqtisodchi mutaxassislarga ko’ra, saqlab qolingan o’rinlardan tushgan soliq imtiyoz uchun ketgan mablag’ni 10 yilda qoplaydi.

Bustos esa biznesining kelajagiga ishonadi.

“Bosmaxonaga talab susaymaydi, chunki ishsiz odam yangi imkoniyatlar izlaganida, bizga ishi tushishi tabiiy. Yangi biznes boshlashar balki”, - deydi u.

​Mehnatkashlar norozi. Lekin tirikchilik qilish kerak. Shunday ekan, omilkorlik zamon talabi ekanini hamma yaxshi tushunadi.