AQSh Prezidenti Donald Tramp va mahkamasining xavfsizlik masalalari bilan shug’ullanuvchi a’zolari Shimoliy Koreya, Venesuela va Eronga qarshi harbiy kuch ishlatish haqida bir necha bor gapirgan. Biroq shu bilan birga, Tramp xorijda mojarolarga aralashish niyati yo’qligini ham aytgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp harbiy kuch ishlatishga tayyor ekanini isbotlash uchun prezidentligining ilk oylarida Suriya va Afg’onistonni bombardimon qilishni buyurgan edi. Ayni mahalda prezident milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Boltonning urushqoq qarashlarini jilovlashga majbur ekanini, asl maqsadi AQShning xorijdagi harbiy kampaniyalariga chek qo’yish ekanini aytadi.
“Prezidentning tinchlikka intilayotgani yomon emas, garchi Trampni yumshoq odam deb bilmasak-da. Ammo yangi urushlardan o’zini chetga olmoqchi bo’lgani rost va bu ijobiy hol”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Maykl Oxanlon.
Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Tramp Shimoliy Koreya yadro va raketa sinovlariga keskin munosabat bildirib, olov va g’azab bilan javob berishga do’q-po’pisa qilmaganida Kim Chen Un balki Tramp bilan uchrashmagan bo’lardi.
Biroq Shimoliy Koreya yadro dasturi bo’yicha muzokaralar hozir boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Yaqinda Pxenyan yaqin masofali raketalarini sinadi, AQSh esa BMTning ko’mir eksportiga qo’yigan sanksiyalarini buzgan Shimoliy Koreya yuk kemasini hibsga oldi. Ziddiyatli vaziyat yana yuzaga kelmoqda.
Oq uy Eronning yadro dasturiga barham berish maqsadida harbiy kuch qo’llash haqida bir necha bor og’iz ochgan. Aynan shunday do’q-po’pisalar bilan Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni hokimiyatdan ketishga majburlamoqchi.
Eronni jilovlash uchun Yaqin Sharqqa harbiy kemalar, bombardimonchi samolyotlar safarbar etilgan. Pentagon mintaqaga 120 ming qo’shin yubormoqchi degan xabarlarni Tramp inkor etsa-da, zarur bo’lsa, harbiy kuch ishlatish ehtimoldan xoli emas, dedi.
“Bunday niyatimiz yo’q edi, ammo kerak bo’lsa, bundan tap tortmaymiz. Umid qilamanki, qurolni ishga solishgacha bormaydi, ammo bunga ehtiyoj tug’ilsa, 120 mingdan ko’proq askar jo’natishgayam hozirman”, - dedi Tramp.
Tahlilchi Oxanlonning aytishicha, xorijda Trampning bunday gaplarini jiddiy qabul qilishadi.
“Uni yaxshi kuzatgan, tahdidlarini tinglagan odam Tramp zarba berishdan ham tap tortmasligiga shubha qilmaydi”, - deydi ekspert.
Biroq harbiy kuch bilan do’q-po’pisa qilish xavfli o’yin, chunki vaziyatga xato baho berish katta urushga olib kelishi mumkin.
“AQSh hukumati turli yo’llar bilan o’zini burchakka qamab qo’yganday. Niyati jiddiyligini isbotlay olmasa, past ketdi deb bilishlari mumkin”, - deydi Uilson markazi tahlilchisi Sintiya Arnson.
Tanqidchilar Trampning kuchli bosim qo’yish strategiyasi mojaro ehtimolini oshirmoqda desa, tarafdorlari uning bunday siyosati maqsadga urushsiz yetishga qaratilgan deya uni olqishlamoqda.