Tramp partiyadoshlari favqulodda holat qaroriga qarshi

  • Amerika Ovozi

AQSh-Meksika chegarasi

AQSh Kongressi Prezident Trampning Meksika bilan chegarada favqulodda holat e’lon qilish farmonini bekor qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Tramp partiyadoshlari favqulodda holat qaroriga qarshi

“Bu oddiy ovoz berish, oddiy kun emas”, - dedi demokrat senator Chak Shumer.

Tramp devor qurilishini favqulodda jamg’arma orqali moliyalamoqchi bo’lgan. Biroq Vakillar palatasi va Senatdagi qonunchilar uni bunday imkoniyatdan mahrum qildi.

“Prezidentning harakatlari mablag’ ajratishga mas’ul Kongress vakolatiga qarshi”, - deydi respublikachi senator Syuzan Kollins.

Biroq Tramp Kongress qaroriga veto qo’yishini bildirmoqda.

“Huquqshunoslar favqulodda holat e’lon qilish Konstitutsiyaga xilof emasligini aytishmoqda. Bu chegara xavfsizligi uchun muhim”, - dedi Tramp.

Tramp farmonini bekor qiluvchi rezolyutsiyaga uning Senatdagi partiyadoshlaridan 12 nafari ovoz berdi.

Biroq Mitch Makkonel kabi qolgan respublikachilar uni qo’llab-quvvatlamoqda.

“Janubiy chegaramizda yuz minglab xorijliklar to’planib, mamlakatga kirishga ruxsat berishni talab qilarkan, buni migratsiya deb bo’lmaydi. Bu favqulodda holat, suverenitetimizga tahdid”, - deydi senator Tom Kotton.

Demokratlarning aytishicha, chegaradagi muammolar yillar davomida muhokama etilmoqda, favqulodda holat emas. Tramp Kongress qaroriga qarshi chiqib, vakolatini suiiste’mol qilmoqda, deydi ular.

“Tramp devor uchun Kongressdan pul ololmaganidan keyin favqulodda vaziyat e’lon qilishga majbur bo’ldi. U o’jarlik qilyapti, kuchini ko’rsatmoqchi, devor qurilishidan voz kechmoqchi emas. Shunga Konstitutsiyani oyoqosti qilyapti”, - deydi senator Shumer.

Qonunchilar Trampga AQSh-Meksika chegarasining ma’lum qismini to’siq bilan yopishga cheklangan miqdorda pul berishga rozi, biroq prezident bu taklifga ko’nmadi.

Tramp Kongress qaroriga veto qo’ysa, masala sudga oshirilishi kutilmoqda. Quyi sudlar masalani Tramp foydasiga hal qilmasa-da, konservativ sudyalar ko’pchilikni tashkil etuvchi Oliy sud favqulodda holat farmonini qonuniy deb topishi mumkin.