“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Prezident Donald Tramp o’tgan yili yordamchilari bilan suhbatlarda AQShni NATOdan chiqarish istagini bildirgan. Tramp matbuotdagi chiqishlarida bu boradagi qarashlarini bir necha bor o’zgartirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tahlilchilarning aytishicha, NATO Amerikasiz o’z vazifalarini bajarishga ojiz bo’ladi, bundan Rossiya va uning prezidenti Vladimir Putin foydalanishi mumkin.
1949-yilda tuzilgan tashkilot AQShning Trampga qadar barcha prezidentlari tomonidan barqarorlik poydevori deb ko’rilgan edi. Biroq 2016-yil saylovlarida qatnashgan Tramp kampaniyasi davomida alyansni tanqid qildi.
“NATO eskirdi. Tashkil etilganiga 67 yil bo’ldi. Terrorga qarshi kurash bilan shug’ullanmaydi. Sovet Ittifoqi bilan shug’ullangan, ammo bu mamlakat ortiq yo’q”, - degan edi nomzod.
Biroq prezidentlikka saylanganidan so’ng Trampning NATOga munosabati bir oz o’zgardi. Tramp uni ortiq eski tashkilot deb atamadi, ammo a’zo davlatlardan a’zolik badalini ko’proq to’lashni talab qildi.
“Yillar davomida tashkilot xarajatlarining katta qismini Qo’shma Shtatlar qoplab keldi. Bundan keyin boshqalar hissasini oshirishga majbur”, - dedi Tramp.
Jeyms Mattisning yaqinda mudofaa vaziri lavozimidan ketishi ayrim tahlilchilarning NATO kelajagidan xavotirlanishiga sabab bo’ldi.
“Mattis Trampni alyansda ushlab turgan asosiy kuch edi. Uning ishdan olinishi NATOni ahamiyatsiz deb bilgan Tramp yoki uning atrofidagi odamlarga tashkilotni tark etish uchun mislsiz imkoniyat bermoqda”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazidan Mark Simakovskiy.
Shunday bo’lgan taqdirda, deydi ekspert, bundan, asosan, Vladimir Putin foyda ko’radi.
“Bu Putinga katta hadya va kelajakda Yevropada yangi bosqinlarga da’vat bo’lgan bo’lardi”, - deydi Simakovskiy.
Ba’zi mutaxassislar nazarida, Kongress bu ishga aralashib, NATOning AQSh milliy xavfsizligi va dunyo tinchligi uchun ahamiyatiga urg’u beruvchi hujjat qabul qilishi zarur.