Tramp Oq uyda Netanyaxuni qabul qildi

  • Amerika Ovozi

Tramp va Netanyaxu

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu chorshanba kuni Vashingtonda bo'lib, Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan uchrashdi.

Isroilni AQShning eng yaqin ittifoqchisi, Netanyaxuni esa do'sti deb atagan Tramp Isroil va Falastin tinchlikka erishish uchun qanday yo’lni tanlasa, Amerika ularning qarorini qo’llab-quvvatlaydi, dedi.

Shu kungacha muzokaralar ikki mustaqil davlat strategiyasi asosida olib borilgan edi, ammo Netanyaxu Falastinga davlat maqomi berilishiga shoshmayapti.

Unga ko'ra, falastinliklar avval Isroil davlatini tan olishi lozim. So'ng, deydi u, ikki hudud xavfsizligigai Isroil mas'ul bo'lishi kerak. Ammo arablar bo'lajak davlatining hududi deb bilgan joylarda Isroil qurilishlar olib borayotganidan norozi.

"Amerika-Isroil ittifoqi hamisha mustahkam bo’lgan, bundan keyin yanada kuchayadi. Mamlakatlarimiz o’rtasida ko’plab sohalarda to’xtab qolgan aloqalarni yaxshilaymiz”, - dedi Netanyaxu.

Shu kungacha AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkiloti qo’llab-quvvatlab kelgan strategiya shundan iborat ediki, Isroil va Falastin hududlar xususida kelishib, ikki mustaqil davlat sifatida bir-biridan ajralishi zarur.

Falastin G’azo Sektori, Iordan daryosining g’arbiy sohilidagi ayrim yoki butun rayonlarga hamda Sharqiy Quddusga poytaxt sifatida da’vo qilmoqda. Biroq Isroilning G’arbiy Sohil va Sharqiy Quddusga yahudiylarni joylashtirayotgani muzokaralarga to’g’anoq bo’lmoqda.

Eronni Yaqin Sharq xavfsizligiga tahdid deb bilgan Tramp va Netanyaxu Tehron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni ham muhokama qilgan. Har ikki arbob sobiq Prezident Barak Obama g'ayrati tufayli imzolangan shartnomani tanqid qiladi.