Tramp ikki o't orasida

  • Amerika Ovozi

Oq uy va Kongressdagi respublikachi qonunchilar Obama davrida qabul qilingan tibbiy sug’urta dasturini o’zgartirish harakatini yangiladi. Qonun loyihasining o’tgan oy konservativ respublikachilar sabab tasdiqlanmagani Donald Tramp partiyadoshlarining safida bo’linish borligiga ishora qilmoqda. Prezident ushbu masalada demokratlar bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.

“Partiyadoshlarimning hujjatga qarshi chiqqanidan afsusdaman”, - dedi Tramp.

Prezident kelasi yili Kongressga bo’ladigan saylovlarda bunday respublikachilarning qayta saylanishiga qarshi kurashishini aytdi.

“Agar demokratlar sog’liqni saqlash islohotiga doir qonun loyihasiga o’z hissasini qo’shsa, ular bilan ishlashga tayyorman”, - dedi prezident.

Demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer hamkorlik bo’lishiga ishonmaydi.

“Respublikachilar Senatda ham, Vakillar palatasida ham ko’pchilikni tashkil etsa-da, qonunchilikka har ikki partiya vakillari jalb qilinmas ekan, Tramp muammoga duch kelishda davom etaveradi. Hamkorlik bo’lmasa, Trampning prezidentligi kasodga uchraydi”, - dedi senator.

Konservativ respublikachilar sog’liqni saqlash masalasida davlat aralashuvini kamaytirish tarafdori, deydi kongressmen Mark Senford.

“Respublikachi prezident bo’libdi deb, endi konservatizm g’oyalaridan voz kechaylikmi,” - deydi u.

Tramp o’z elektoratiga bergan va’dalarini bajarish harakatida demokratlar bilan hamkorlikdan chekinib, o’z yutuqlarini cheklamoqda, deydi tahlilchi Uilyam Galston.

“U eng boshidan bo’lingan elektorat va eng quyi reyting bilan ishni boshladi. Oq uy ma’muriyati boshini devorga rosa urib, endi pastga qarab ketyapti. Trampning ishi bundan keyin yanada ham qiyinlashadi”, - deydi ekspert.
Respublikachi strateg Jon Fiyerining aytishicha, konservatorlar Trampning demokratlar bilan hamkorlik doirasini ham cheklab qo’yishi mumkin.

“Unga rosa qiyin bo’ladi. Tramp demokratlarni ham o’ziga dushman qilib olsa, keyin hech bir ishning uddasidan chiqa olmaydi”, - deydi tahlilchi.

Tramp yangi qonun loyihasini Kongressdan o’tkazishni istasa, elektorati ko’ngliga qaragan holda mo’tadil respublikachilar va ayrim demokratlar bilan hamkorlik qilishga majbur.