Tramp: Rossiya bilan til biriktirganimiz haqidagi da'volar - safsata

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp saylov paytida Rossiyadan yordam olgani haqidagi da’volarni inkor etishda davom etmoqda. Unga ko’ra, bunday da’volar soxta.

Payshanba kuni u G’arbiy Virjiniya shtatida tarafdorlariga murojaat qildi.

"Rossiya bilan bog’liq hikoya boshdan oxirigacha uydirma. Amerika siyosatida eng katta mag’lubiyatga uchragan tomonning bahonasi bu. Bu o’zlarini yupatish uchun qilinayotgan ish. Prokurorlar aslida Xillari Klintonning kompyuterdan o’chirilgan 33 ming elektron xatini qidirish bilan shug’ullansa yaxshiroq bo’lardi”, - dedi Tramp.

Unga ko’ra, muxolifat xalqni yo’ldan urishga, davlat rahbariga ishonchni yemirishga harakat qilmoqda.

"Ular bu bilan nafaqat rahbariyatni, balki mamlakatimiz, Konstitutsiyamizni ham kamsitishyapti”, - dedi prezident.

Tramp saylov shtabining Rossiya bilan ehtimoliy aloqalarini tergov qilayotgan maxsus prokuror Robert Myuller Trampning o’g’li kenja Donald Trampning rus yuristi bilan nega uchrashganini aniqlashga harakat qilmoqda. Ba’zilar nazarida, Natalya Veselnitskaya Tramp shtabiga saylovdagi raqibi Xillari Klintonga qarshi ma’lumot va’da qilgan.

Tramp masalani tergov qilgan Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komini ishdan olganidan so’ng Myuller ham ketishi mumkin degan gaplar chiqdi. Buning oldini olish uchun ikki senator yangi qonun loyihasi taklif etmoqda. Unga ko’ra, prezident maxsus prokurorni jiddiy sababsiz ishdan ololmaydi.