Prezident Donald Tramp shu hafta Kongress Vakillar palatasida uning 2016-yilgi saylov kampaniyasi va biznes imperiyasi bo’yicha boshlangan tergov bilan hamkorlik qilishga so’z berdi. Davlat rahbari saylov davrida raqib nomzodlarga qarshi hamda prezidentligi davomida Rossiya bilan hamkorlik qilgani haqidagi ayblovlarni inkor etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Dalillarni to’plash uchun qo’limizdan kelgancha harakat qilamiz”, - deydi quyi palataning Adliya qo’mitasi raisi Jerri Nedler.
Tergovni o’tgan yilgi saylovlar natijasida Vakillar palatasida ko’pchilikni qo’lga kiritgan muxolif demokrat qonunchilar boshladi.
Qo’mita Tramp ma’muriyati, oilasi va biznesiga aloqador 80 dan ziyod odamdan hujjatlar so’ragan. Ular orasida Trampning sobiq advokati Maykl Koen, kuyovi Jared Kushner, o’g’illari Don va Erik ham bor. Adliya ishiga to’sqinlik qilish, korrupsiya, lavozimni suiiste’mol qilish kabi da’volar o’rganiladi.
“Men doim hamma bilan hamkorlikdaman. Ammo shuni bilingki, Rossiya bilan til biriktirish bo’lmagan, uydirma bularning hammasi”, - dedi Tramp.
Tanqidchilar uni Rossiyani 2016-yil saylov kampaniyasiga aralashtirganlikda ayblaydi.
Vakillar palatasining Adliya qo’mitasi impichment jarayonini boshlash vakolatiga ega. O’tmishda prezidentlar Richard Nikson va Bill Klinton ham adliya tergoviga uchragan. Trampga qarshi impichment haqida gapirishga hozircha erta.
“Tramp bilan bog’liq bu tergov Niksonni prezidentlikdan ketishga majbur qilgan “Uotergeyt” ishi ko’lamichalik mashmasha bo’ladimi, yo’qmi, hozircha noma’lum”, - deydi “Amerika taraqqiyot markazi”dan tahlilchi Jeremi Venuk.
Palata boshlagan tergov maxsus prokuror Robert Myuller salkam ikki yildan beri olib borayotgan o’xshash tergovdan farq qiladi.
“Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashgani bilan bog’liq Myuller olib borayotgan bu tergov natijasidan nimalar chiqishini bilmaymiz hozircha”, - deydi Amerika universitetidan Alan Lixtmen.
O’tgan hafta Tramp sobiq advokati Maykl Koen Kongressdagi tinglovda davlat rahbariga qarshi ko’rsatma bergan.
“Tramp tashkilotidagilarning ishi uni himoya qilish. Hammamiz Tramp haqida yolg’on gapirishga majbur ekanimizni tushunganmiz va bu oddiy holga aylangan edi. Hozir ham bu narsa davom etmoqda”, - dedi Koen.
Ayni damda prezident atrofidagi odamlarga nisbatan bir nechta tergov olib borilmoqda.