Tramp ham tahdid qilmoqda, ham hamkorlik taklif etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, AQSh-Rossiya aloqalari eng quyi nuqtaga tushgan, hatto salkam yarim asrlik Sovuq urush paytida ham ular bu darajada yomon bo’lmagan.

Suriya hukumatini Duma shahrida kimyoviy hujumda ayblagan Tramp bu mamlakat harbiy va kimyoviy inshootlarini nishonga olishga do’q-po’pisa qildi. Rossiya Amerika raketalarini urib tushiramiz deganidan so’ng Tramp “Twitter”da bu ogohlantirishni pisand qilmasligini bildirdi.

Ayni damda AQShning harbiy kemalari O’rta dengizga yo’l olmoqda.

Kontr-admiral Yujin Blekning aytishicha, AQSh kuchlari har qanday vazifani bajarishga tayyor va qobiliyatli.

Oq uyda o’tgan matbuot brifingida junalistlardan biri Trampning matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sandersdan “Rossiya ayni damda AQShga dushmanmi” deya so’radi.

“Bunga Rossiya o’z harakatlari bilan aniqlik kiritishi kerak”, - dedi Sanders.

Tramp “Suriyaga raketa otamiz” degan tvitidan bir soat o’tgach “Twitter”da yangi bayonot chop etdi.

“Rossiya bilan aloqalarimiz so’nggi o’nlab yillarda eng quyi nuqtaga tushdi, bunga axir sabab yo’q. Biz Rossiya iqtisodiyotini yaxshilashga yordam berishimiz mumkin, buning yo’li oson, barcha mamlakatlar hamkorlik qilishi kerak. Qurol poygasini to’xtatamizmi?”

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi uning bu gapiga “Amerika qurol poygasini to’xtatmoqchi bo’lsa, o’z kimyoviy qurollarini yo’q qilishdan boshlasin” hamda “AQSh raketalarini terrorchilarga qarshi kurashayotgan Suriya hukumatiga emas, terrorchilarga qaratsin” deya javob berdi.

Trampning aytishicha, ikki davlat munosabatlarining yomonlashishiga Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashgani haqidagi da’volar bo’yicha AQShda ketayotgan soxta tergov sababdir.