Tramp Amerika manfaatlarini har narsadan ustun qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeo saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi vahshiyona o’ldirilishiga qaramay, Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni davom ettirishini bildirishmoqda. Markaziy razvedka boshqarmasi qotillikni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon buyurgan desa-da, Tramp qirollikni jazolashni lozim topmadi.

Razvedka idorasining xulosasidan so’ng Tramp Saudiya Arabistonini sanksiyalar bilan jazolashi mumkin degan taxminlar bor edi. Masalan, mart oyida Britaniyada sobiq rus josusi zaharlanganidan so’ng Oq uy ma’muriyati bu ishda Rossiya hukumatini ayblab, Vashingtondan o’nlab rus diplomatlarini haydagan, Rossiyaga qarshi iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar qo’llagan edi. Biroq so’nggi bir yil AQShda yashab, “Vashington Post” gazetasi uchun maqolalar yozib turgan Qoshiqchining o’limi AQSh-Saudiya aloqalariga zarar yetkazmadi.

“Men Amerikani yana buyuk qilmoqchiman, men uchun Amerika manfaatlari birinchi o’rinda turadi”, - dedi Tramp.

Prezident bayonotida aytilishicha, Saudiya Arabistoni Amerikaga 450 milliard dollarlik sarmoya qilishga, jumladan AQShdan 110 milliard dollarga teng qurol sotib olishga so’z bergan.

"Agar AQShning Saudiya Arabistoni bilan aloqalari yomonlashib, imzolangan shartnomalar bekor bo’lsa, qirollik qurollarni Rossiya va Xitoydan sotib olishga majbur bo’ladi", dedi Tramp.

Davlat kotibi Mayk Pompeo ham Amerika manfaatlari muhimroq ekanini aytdi.

“Bu dunyo – jirkanch dunyo. Ayniqsa Yaqin Sharq. Amerikaliklar xavfsizligini ta’minlash uchun u yerda AQSh manfaatlarini himoya qilish kerak”, - dedi u.

Ayrim tahlilchilar Trampning Qoshiqchiga doir bayonotini qoralamoqda.

“AQSh prezidenti bitta bayonoti bilan Amerika razvedka xizmati obro’sini to’kib, Virjiniyada yashab kelgan, “Vashington Post” gazetasida ishlagan yaxshi insonni ataylab o’ldirgan rejimni ko’klarga ko’tardi”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazidan Aaron Deyvid Miller.

Uning aytishicha, bunday vahshiy qotillikdan so’ng valiahd shahzodani qo’llab-quvvatlash Amerika qadriyatlari va manfaatlariga to’g’ri kelmaydi.

Trampning bayonoti ijtimoiy sahifalarda ham tanqidga uchramoqda. Demokrat senator Tim Keyn va yana bir nechta qonunchi kelasi hafta Saudiya Arabistoniga qarshi qattiq qonun loyihasini tayyorlashga so’z berdi.