Tramp impichment sudining 3-kuni qanday o'tdi?

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ustidan Senatda ketayotgan sudning 3-kunida Vakillar palatasidagi demokrat qonunchilar uni Kapitoliyga hujum orqali prezident saylovida berilgan ovozlarni o’zgartirishga bevosita harakatda aybladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 12-fevral, 2021-yil

“6-yanvar voqealarining Amerikaga aloqasi yo’qligini butun dunyoga ko’rsataylik”, - dedi demokrat kongressmen Xoakin Kastro.

“Isyonchilar politsiyachilarga Prezident Tramp buyrug’iga bo’ysunishayotganini aniq va ravshan aytishdi. Ular o’z jinoiy harakatlaridan qaytishmadi, chunki oliy qo’mondon buyrug’ini bajaryapmiz, bizni jazolashmaydi deb o’ylashgan. Ammo xato qilishdi”, - deydi yana bir demokrat qonunchi Diana Degett.

Sudda 6-yanvar kuni Kapitoliyning nazorat kameralariga tushirilgan video namoyish etildi. Unda isyonchilardan qochayotgan qonunchilar tasvirlangan. Demokratlar nazarida, agar Trampga kelgusida prezidentlikka nomzodini qo’yish man qilinmasa, tarafdorlarini isyonga yana gijgijlashi mumkin.

"Donald Tramp yana 4 yildan keyin saylovda qatnashishidan qo’rqmayman. U yutqazib, bu ishga yana qo’l urishidan qo’rqaman”, - deydi kongressmen Ted Lyu.

Demokratlarning da’vosi shuki, Tramp yillar davomida tarafdorlarini zo’ravonlikka rag’batlantirdi. Saylovdagi mag’lubiyatini tan olishdan bosh tortib kelayotgani uchun ham Kapitoliyni hanuz harbiylar qo’riqlamoqda, deydi ular.

“U kelajakda siyosiy zo’ravonlikka barham beruvchi bir jumlani aytishdan bosh tortyapti. Saylovda ovozlar o’g’irlangani yo’q. Mana shu gapni aytmayapti. Shu sabab ham Milliy gvardiya jangchilari tashqarida turishibdi”, - dedi Lyu.

Demokrat qonunchilar o’z chiqishlari bilan kamida 17 nafar respublikachi senatorni Trampga qarshi hukm chiqarishga ko’ndirishga urindi. Tramp aybdor dep topilishi uchun kamida 67 senator bunga ovoz berishi kerak. Senatdagi demokratlarning barcha 50 nafari bu masalada hamfikr.

“Prezident Tramp o’z harakatlarini mutlaqo to’g’ri deb bildi. U saylovda yana qatnashib, yana shunday voqea yuz bersa, o’zimizdan boshqasini ayblay ko’rmang”, - dedi kongressmen Jeymi Raskin.

Bugun Trampning advokatlari so’zga chiqadi. Ular sobiq rahbarning harakatlari isyonni qo’zg’atishga ojizlik qilgani haqida fikr bildiradi. Masala hafta oxirigacha ovozga qo’yilib, hukm chiqarilishi kutilmoqda.