13-iyul kuni Pensilvaniya shtatida tarafdorlari bilan miting paytida suiqasd xurujiga uchragan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Respublikachilar partiyasining Miluoki shahrida boshlanayotgan qurultoyida qatnashish uchun yakshanba kuni Viskonsin shtatiga bordi.
Your browser doesn’t support HTML5
Batler shahridagi tadbirda qulog’idan o’q yegan Tramp qurultoyda partiyasidan prezidentlikka rasmiy nomzod sifatida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Kuzatuvchilar suiqasd xuruji ketidan Trampning reytingi hamda saylovda g’alaba qozonish ehtimolining oshishini taxmin qilmoqda.
Prezident Jo Bayden siyosiy raqibiga salomatlik tilab, unga tomdan o’q uzgan odam snayper miltig’i bilan miting o’tkazilgan joyga qanday qilib yaqin borganini tekshirishni buyurdi.
Yakshanba oqshom Bayden amerikaliklarga murojaat qilib, mamlakatda siyosiy haroratni tushirishga chaqirdi.
‘Bu kabi zo’ravonlikning odatiy holga aylanishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak. Mamlakatimizda siyosiy ritorika juda qizib ketdi. Hovurdan tushish payti keldi”, - dedi Bayden.
Vakillar palatasining spikeri Mayk Jonson ham bosiqlikka da’vat etdi.
“Siyosiy zo'ravonlikning bunday dahshatli harakatini qoralash zarur. Bunday ritorikadan voz kechishimiz, mamlakatda haroratni pasaytirishimiz kerak. Har ikki partiya rahbarlari bunga chaqirishlari kerak. Erkin siyosatimizni saqlab qolishimiz lozim”, - dedi u.
AQShda har kuni quroldan ko’p odam o’lishiga qaramay, siyosiy zo’ravonlik kamdan-kam uchraydigan holat.
Federal tergov byurosi Trampga o’q otgan 20 yashar Tomas Mettyu Kruks yolg’iz harakat qilganini bildirdi.
Politsiya Pensilvaniyaning Kruks yashagan Betel Park shahrida yakshanba kuni surishtiruvlar o’tkazgan, uni tanigan odamlar bilan suhbatlashgan. Ulardan birining aytishicha, Kruks maktabda yolg’iz ovqatlanar edi, boshqalarga ko’p qo’shilmas edi, doim xafa yurar edi, ammo baholari va xulqi yaxshi bo’lgan, tarixga qiziqar edi
AQSh Maxfiy xizmatining agentlari Trampga suiqasd xuruji ketidan tomda yotgan Kruksni otib o’ldirgan. Hujumda 50 yashar bir kishi o’lgan, yana ikki odam yaralangan. Kori Komperatore ismli qurbon otishma paytida oila a’zolarini to’sayotib o’q yegan.
Namoyishchilarning ba’zilari Kruksni qurol bilan ko’rib, politsiyaga xabar berganini, biroq politsiya jiddiy e’tibor qaratmaganini aytadi.
Tergovchilar Kruksni hujumga undagan sabablarni o’rganishga urinmoqda. Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, u ikki yil oldin maktabni tamomlab, yaqingacha qariyalar uyining oshxonasida ishlagan, respublikachi bo’lgan, so’nggi bir yildan beri mahalliy merganlar klubiga a’zo bo’lgan.
Politsiya Kruks bir necha o’q uzganini bildirdi. Tramp xavfsizlik agentlari qurshovida sahnadan ketishdan oldin qo’lini musht qilib havoga ko’tardi va “kurashing” deya xitob qildi.
Uddaburo tadbirkorlar aynan shu manzara tasvirlangan suratlarni futbolkalarga bosib sotuvga chiqarmoqda.
AQShdagi deyarli har bir yetakchi siyosatchi va ayrim davlat rahbarlari hujumni qoraladi.
Bo’lgan voqeaga qaramay, Maxfiy xizmat respublikachilar syezdida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan rejaga o’zgartirish kiritmoqchi emas.
Tramp Miluokiga yakshanba kuni yetib bordi.
Qurultoy delegatlari bo’lgan voqeaga munosabat bildirdi.
“Saylov kampaniyasi va uning ma’nosi o’zgardi. Kimdir nomzodimizni o’ldirmoqchi bo’ldi”, - deydi ulardan biri Xilario Delion.
“Har safar Trampga biror narsa bo’lganida uning g’alabasi yanada mustahkamlashadi. U afsona darajasiga yetdi”, - deydi Emmi Deklu ismli missurilik delegat.
Tramp hayotiga suiqasd Amerikada qurol nazorati bo’yicha tortishuvlarga yangidan turtki berishi kutilmoqda, biroq qurolga egalik qilish huquqlarini himoya qiluvchi respublikachilar bunday huquqdan voz kechishga tayyor emasligini aytadi.
“Qurol xavf tug’dirmaydi. Xavf qurolni qo’liga olgan yomon odamdan taraladi”, - deydi qurultoyda qatnashish uchun Janubiy Karolinadan kelgan Beki Maklaflin.
Partiya syezdida Tramp vitse-prezidentlikka kim nomzod bo'lishini e'lon qilishi kutilmoqda.