Prezident Donald Tramp Kongressdagi yetakchi qonunchilar bilan federal hukumatni 15-fevralgacha ochishga kelishilgani haqida ma'lum qildi. Ana shu muddat ichida har ikki partiyaning Kongressdagi vakillari Oq uy bilan uzoq muddatli rejaga kelishishi kerak bo'ladi.
Taraflar tortishuviga sabab bo'layotgan asosiy masala bu - AQSh-Meksika chegarasida devor qurilishi. Tramp devor chegara xavfsizligini ta'minlash, jinoiy to'dalar va noqonuniy muhojirlarning mamlakatga kirishini to'xtatish uchun zarur deb, Kongressdan 5,7 milliard dollar so'ragan. Demokratlar esa devordan foyda yo'q deya, qurilish uchun bir tiyin ham ajratmoqchi emas.
Natijada Tramp hukumatni qisman yopishga qaror qildi. 800 ming federal xizmatchidan 420 ming nafari 35 kundan beri maoshsiz ishlashda davom etmoqda.
Demokratlar chegara xavfsizligi uchun pul ajratishga qarshi emas, biroq devorni bu borada samarali chora deb bilmaydi.
Trampning aytishicha, 15-fevralgacha Kongressdagi demokratlar va respublikachilar hamda Oq uy uzoq muddatli rejaga kelisha olmasa, hukumat qayta yopilishi mumkin. Prezident mamlakatda favqulodda holat e'lon qilib, devor qurilishi uchun pulni Kongressdan emas, favqulodda jamg'armadan olishi ehtimolini ham nazarda tutmoqda.
Tramp e'lon qilgan kelishuv kuchga kirishi uchun Kongressning har ikki palatasi uni tasdiqlashi, so'ng prezident uni imzolashi lozim.