Donald Tramp prezidentligining birinchi olti oyi mashmashalarga boy bo’ldi va ular hamon davom etmoqda. Prezident Trampning reytingi juda past. Lekin u sodiq tarafdorlarga ega. Qiyinchiliklarga qaramay, deydi ular, Oq uy buyuk ishlar qilishiga umid katta.
Your browser doesn’t support HTML5
Shu yilning 20-yanvarida Tramp AQShning 45-prezidentiga aylangan edi. Vashingtonda siyosat tubdan o’zgaradi, deya bong urgan edi.
“Quruq gaplarning vaqti o’tdi. Amalda isbotlaymiz hammasini”, - degan edi u.
Tramp o’zidan oldingi rahbar Barak Obama davrida boshlangan islohotlarni to’xtatib, turli loyiha va dasturlarni tugatib, butun tizimda yangilik qilishga bel bog’lagan. Maqsadga yetish osonmas.
Sistema shunday, u prezidentning yakkaxon qarorlariga bosh egmaydi.
Rahbarga bu xato yoki noqonuniy ishdir, deydiganlar ko’p.
Norozi fuqarolar talay, tarafdorlar ham.
Trampning reytingi 40 foizdan past. Tarixda bunaqasi bo’lmagan.
Amerikaliklarning aksariyati unga qarshi.
“Yangi prezidentning nufuzi bu qadar past bo’lishi mumkinligiga hech guvoh bo’lmaganmiz. Aslida boshida har bir rahbarning reytingi ancha yuqori bo’ladi. Keyinroq esa tusha boshlaydi. Trampda esa boshidan past”, - deydi tahlilchi Kayl Kondik.
Immigratsiya bo’yicha ulkan o’zgarishlar va’da qilgan Trampning ayrim qarorlari noqonuniy deb topildi. Ularni qayta ko’rib chiqib, yangilarini imzoladi. Ular ham qisman qarshilikka uchradi, lekin amalda.
Rossiya bilan aloqalarga kelganda esa ish chigal. Uning prezidentlikka kelishida Kremlning qo’li bo’lishi mumkin degan gumon va shubhalar Oq uyga tinchlik bermayapti.
Federal tergov boshlangan. Trampga yaqin odamlar so’roq qilinmoqda. Tekshiruv jadal.
Trampning o’g’li saylov kampaniyasi paytida rossiyalik advokat bilan pinhona ichrashib, otasining raqibi Hillari Klinton haqida foydali ma’lumot olishga uringani tergovni yanada qizitib yubordi.
Demokrat senator Chak Shumer “bu dahshat”, deydi.
“Bu qora ishlarning fosh etilishi Tramp ma’muriyatining shu paytgacha inkor etib kelayotgan qilmishlari haqiqat ekanidan dalolat. Endi ular hech narsani rad eta olmaydi, yolg’onchilar”.
Tramp Kongress bilan kelishib ishlab, omma e’tiborini Rossiya bilan bog’liq tergovdan chalg’itishga urinmoqda.
“Doimiy inqirozda ekansiz, boshqa biror ishni eplay olish murakkab. Ayniqsa agar qonunlarni o’zgartirmoqchi bo’lsangiz. Bu uzoq vaqt oladi”,- deydi tahlilchi Jon Fortye.
Tramp Vashingtonni oyoqqa turg’azgani rost, mashmashalar sabab. Har kuni bir yangilik. Oq uy axborot vositalari bilan urushda. Brifinglar, matbuot anjumanlari odatdagidek emas.
“Hali pishmadi bu prezidentlik. Tramp ishni eplolmayapti, deyishga erta. Vaziyat yomonlashishi mumkin, yaxshilanishi ham mumkin”.