AQSh va Janubiy Koreya Amerikaning bu mamlakatda joylashgan 28 ming qo’shini bilan bog’liq xarajatlarni o’zaro qoplash xususida muzokara qilmoqda. Ayni paytdagi kelishuv yil oxirigacha mo’ljallangan. Prezident Donald Tramp Janubiy Koreyadan to’lovni besh baravar oshirishni talab qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Seulda AQSh elchixonasining diplomatlar yashaydigan majmuasi hududiga janubiy koreyalik talabalar kirib, Tramp talabiga norozilik bildirdi. Namoyishchilarning so’lchi guruh ekani aytilmoqda, ba’zilari Shimoliy Koreyaga xayrixoh. Shunga qaramay, AQShning pozitsiyasi mamlakatda unga qarshi kayfiyatlarni kuchaytirishi mumkin.
Trampning aytishicha, Janubiy Koreya va ittifoqdosh mamlakatlar Amerikadan foydalanmoqda. Seul amerikalik qo’shinlar xarajatlarini qoplashda hozirgidan besh baravar ko’proq to’lasin, deydi u.
“Ayrimlar bu talabni asossiz deb ko’rishi va AQShga qarshi kayfiyat kuchayishi mumkin”, - deydi Seuldagi Asan siyosatshunoslik institutidan Shin Bom Chul.
2000-yillar oxirida AQSh go’sht importidan va ikki koreys qizning yo’l halokatida amerikalik harbiylar aybi bilan o’lganidan norozi haloyiq AQShga qarshi ommaviy chiqishlar uyushtirgan edi.
Ammo hozir norozilik namoyishlari kuzatilmaydi. Aksincha, Amerika tarafdorlari to’planib turishi mumkin.
O’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Janubiy Koreyada liberal qatlam ham, konservativ qatlam ham AQSh bilan ittifoqni qo’llab-quvvatalaydi va amerikalik askarlarning ketishini istamaydi.
Biroq Trampning to’lovni oshirish talabi ayrimlarga yoqmayapti.
“Bu bema’ni talab. AQSh keragidan ortiq pul so’rayapti. Bunday shartni qanday qilib qabul qilish mumkin?” - deydi faollardan biri.
Seuldan 300 kilometr naridagi Sonju qishlog’i yonida AQShga qarashli harbiy baza bor. Mahalliy aholi bazaga kirish yo’llarini yopib qo’ygani bois amerikalik harbiylar yukni bazaga vertolyotda tashishga majbur.
“AQSh pul so’rashda davom etsa, unga qarshi kayfiyat yanada kuchayishi mumkin”, - deydi shu faol.
Bir qishloqda o’tgan namoyishda mahalliy xalq Tramp talabini hurmatsizlik deb atadi.
“AQSh bundan foyda ko’rmoqchi, biroq bu janubiy koreyaliklarning ko’nglini qoldirishi aniq”, - deydi Soseon-Ri qishlog’ida yashovchi bir odam.