Tramp xalqqa murojaatida nimalarga e'tibor qaratadi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

5-fevral kuni Prezident Donald Tramp davlatning bugungi ahvoli haqida Kongress huzurida xalqqa hisobot beradi. Bu yilgi murojaat Oq uy va Kongress o’rtasida tortishuvlar avjiga chiqqan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Kelishmovchiliklar sabab AQSh hukumati bir oydan oshiq vaqt qisman faoliyatini ham to’xtatdi.

2019-yil AQShda Tramp chegarada qurishni rejalagan devorni qanday moliyalash ustida janjal bilan boshlandi, hukumat qisman yopildi. Buning oqibatida prezident nutqi ham kechiktirildi.

“Tramp minbardan turib o’z tarafdorlariga kuchli prezident ekanini, devor masalasida yon bermaganini, va’dalari ustidan chiqayotganini aytmoqchi”, - deydi siyosatshunos Deyvid Barker.

Oq uyga ko’ra, bu yilgi murojaat mavzusi - buyuklik. Prezident immigratsiya, savdo bitimlari, infrastruktura, sog’liqni saqlash va urushlarni tugatish haqida birdamlik ruhida va optimizm bilan so’zlaydi.

Ekspertlar fikricha esa, Trampga birdamlik tushunchasi begona.

“Men sizlarga yordam berishga harakat qilayapman. Demokratlar esa yo’limga to’g’anoq bo’layapti degan gaplarni eshitamiz Trampdan”, - deydi professor Vanessa Bisli.

Prezident orqasida Palataning yangi spikeri Nensi Pelosi o’tiradi. 2018-yilgi saylovda demokratlar g’alaba qilganidan eslatma bu. Kongress tarkibi har qachongidan xilma-xil, ayollar ko’p.

2018-yilda demokrat ayol qonunchilar jinsiy tazyiqqa qarshi harakatni qo’llab-quvvatlash uchun qora kiyimda kelishgan edi. Bu gal oq rangda kelish taklif etilmoqda. Bu bilan, 1920-yilda xotin-qizlarga ovoz berish huquqini bergan qonun yodga olinadi.

“Zalda qonunchi ayollar oq kiyimda o’tirishi - Trampga qarshilik nishonasi. Prezident nima deyishidan qat’i nazar, zalning yarmi uni olqishlamaydi. Bu uning g’azabini qo’zg’ashi tayin”, - deydi Barker.

Palataga Viktorina Morales ham taklif etilgan. Hujjatsiz muhojir Prezident Trampning kurort mehmonxonalarida ishlagani, keyinchalik ishdan haydalganini aytadi.

Yana bir mehmon - Steysi Abrams, o’tgan yili Jorjiya shtatida gubernatorlikka saylanishga harakat qilib, yutqazgan. U jarayon noxolis o’tganini aytadi. Abrams prezident nutqidan keyin demokratlar nomidan munosabat bildiradi.

Tramp devorni moliyalash uchun favqulodda holat e’lon qilishi mumkinligini aytmoqda.

“Murojaatimni tinglasangiz, nima qilishimni bilib olasiz”, - deydi u.

Hukumat qayta yopilmasligi uchun Tramp va demokratlar kelasi ikki hafta ichida kelishib olishi kerak.