Trampning Suriyadan qo'shinlarni chiqarish qaroriga munosabat qanday?

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Trampning amerikalik qo’shinlarni Suriyadan chiqarish qarori tahlilchilar tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Ba’zilar nazarida, bu Suriya shimoli-sharqida erishilgan yutuqlarni yo’qqa chiqarib, kuchlar muvozanati o’zgarishiga olib keladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-dekabr, 2018-yil - Trampning Suriyadan qo'shinlarni chiqarish qaroriga munosabat qanday?

Tramp “Islomiy davlat” jangari guruhi Suriyada yengildi, harbiy harakatlarga chek qo’yamiz, dedi, biroq ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, terrorchilar hali tor-mor bo’lgani yo’q, AQSh qo’shinlarining chiqarilishi ularni dadilroq harakat qilishga undaydi.

Amerikalik askarlar jangarilarga qarshi kurashda suriyalik kurd qo’shinlariga madad bergan. Kurdlarni terrorchi deb biluvchi Turkiya bunga qarshi bo’lsa-da. Kurdlar “Islomiy davlat”ni Suriya shimoli-sharqidan quvib hududda mahkam o’rnashgani Anqaraga yoqmayapti. AQSh qo’shinlari Suriyani tark etsa, kurdlar Turkiya hujumiga uchrashidan xavotirda.

“Bizga xiyonat qilishdi. AQSh bu qarorini qayta ko’rib chiqadi degan umiddaman. Kurd xalqi Amerika uchun kurashganini bilishsin”, - deydi kurd kinorejissyori Mizgin Gemo.

AQSh Kongressidagi demokrat qonunchilar ham Tramp qaroridan norozi.

“Bu xavfli qaror, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Rojdestvo sovg’asidir. Endi u Suriyada o’z bilganini qiladi”, - deydi demokratlarning Vakillar palatasidagi sardori Nensi Pelosi.

Respublikachi senator Lindsi Grem ham Tramp qarorini tanqid qildi.

“Bu hamma uchun kutilmagan yangilik bo’ldi. Hatto Shimoliy Koreya ham hozir ruhlanib, yadro dasturidan voz kechish evaziga qo’shinlarni Janubiy Koreyadan chiqaringlar, deb turib oldi. Agar hozirgi siyosat o’zgarmasa, Iroqdagi bo’lgan voqealar Suriyada takrorlanishiga kafolat beraman”, - deydi Grem.

AQShning Suriyadagi ikki mingga yaqin askari Prezident Bashar Assadga muxolif kuchlarni hukumat qo’shinlari, Rossiya va Eron hujumlaridan himoya qilmoqda. Kurdiston mustaqil davlati barpo etilishining oldini olish uchun Turkiya Suriya shimolida kurdlarga qarshi amaliyot hozirlamoqda.

Tahlilchi Deyvid Adesnikning aytishicha, Eronning “Hizbulloh” harakati jangarilariga qurol yetkazishi osonlashadi endi.

“Shu paytgacha Suriyaga qo’shin va qurollarni, “Hizbulloh”ga ilg’or qurollarni yuk samolyotlarida yetkazib turgan Eron endi Suriyaning sharqiy hududlari orqali quruqlik bilan yuk tashiydi. Hozircha u yerda amerikalik qo’shinlar joylashgan”, - deydi Demokratik jamiyatlar himoyasi jamg’armasi xodimi.

Buning oldini olish uchun, deydi Adesnik, Isroil Eron va “Hizbulloh”ga zarba berishga majbur bo’ladi, Rossiya esa Suriyaning amerikaliklar tashlab chiqqan neftga boy hududlarini qo’lga kiritadi. Kuzatuvchilar terrorchilarning kuchayishidan ham xavotirda.

“Jihodchilikka qarshi urushda g’alaba qilmadik. Terrorchi tashkilotlar ham, ularning mafkurasi ham yengilmadi”, - deydi tahlilchi Aykan Erdemir.

AQShning Suriya va Iroqdagi harbiy harakatlarini qo’llab-quvvatlab kelgan Fransiya Suriya shimolidan oz sonli askarlarini chiqarmoqchi emas.