AQSh Prezidenti Donald Tramp Suriyadan barcha qo’shinlarni chiqarish qarori bilan tashqi siyosat bilan shug’ullanuvchi ko’plab mutaxassislar va amaldorlarni shoshirib qo’ydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp “Islomiy davlat” jangari guruhi ustidan Suriyada g’alaba qozonilganini aytib, Qo’shma Shtatlar o’z xavfsizligi va farovonligi uchun ahamiyatsiz urushda ortiq pul sarflamasligini, askarlarini boy bermasligini ta’kidladi.
Donald Tramp “Twitter”dagi bir xabari bilan shov-shuvga sabab bo’ldi. Mudofaa vaziri bilan uchrashish uchun vazirlikka borgan Vitse-prezident Mayk Pens muxbirlarning bu boradagi savollariga javob berishdan bosh tortdi.
Pentagon prezidentning qarori bajarilishini aytdi. Biroq ikki mingga yaqin askarning vatanga qachon qaytishi hozircha noma’lum.
Trampning Kongressdagi partiyadoshlari uning qaroridan hayratda.
“Qaror ortidagi sabablarni o’rganishim kerak”, - dedi senator Lindsi Grem.
“Prezidentga bunday g’oyani kim berganini bilmayman, bu mudhish xato, agar bu qarordan voz kechilmasa, oqibatlari fojiali bo’ladi”, - dedi senator Marko Rubio.
Ba’zi rasmiylarning aytishicha, qo’shinlar Suriyani tark eta boshlagan.
Qo’shma Shtatlar bu mamlakatda “Islomiy davlat”ga qarshi kurashganini aytadi. Kuzatuvchilar Vashington Eron va Rossiyaning Suriyadagi siyosatini jilovlash bilan shug’ullanganini ham bildiradi. Jangarilarga qarshi kurashda AQSh kurd jangchilarini tayyorladi, qo’llab-quvvatladi.
“AQSh qo’shinlari Suriyani tark etsa, Eron va Rossiya nazoratsiz qoladi”, - deydi tahlilchi Endryu Geybel.
Tramp “Islomiy davlat” yengildi desa-da, o’tgan hafta ba’zi rasmiylar 2000 ga yaqin jangari Hajin viloyatida hali ham faol ekanini aytgan.
“Jangarilar e’lon qilgan xalifalik mag’lub bo’ldi deyish mas’uliyatsizlik bo’lar edi”, - deydi AQSh maxsus vakili Brett Makgurk.
Oq uy rasmiylariga ko’ra, Daish qoldiqlari bilan kurd jangchilari shug’ullanadi. Biroq amerikalik harbiylar ketishi bilan ular havo madadidan ayriladi va ba’zi kuzatuvchilar taxminicha, Turkiya hujumiga uchrashi mumkin.
AQSh Harbiy-havo kuchlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Iroq va Suriyada “Islomiy davlat”ga qarshi 100 mingdan ortiq bomba va snaryad otgan.