AQSh prezidenti qo’shinlarni Suriyadan chiqarish qarorini himoya qilarkan, harbiylar mamlakatdan tez chiqarilmasligini aytdi. Donald Tramp bu qarorini dekabr o’rtasida e’lon qilganida askarlar Suriyada uzoq qolmaydi, degan edi, biroq jadvalga tuzatishlar kiritilgan ko’rinadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Amerika qo’shinlari Suriyada 2016-yilda kurd qo’shinlari “Islomiy davlat” jangari guruhidan tortib olgan Manbij shahrida joylashgan. Shahar Turkiya bilan chegaradosh bo’lib, Anqara AQShning 2000 askari chiqishi bilan kurdlarga hujum rejalayotgan edi.
Dekabr o’rtasida qo’shinlar zudlik bilan chiqariladi degan Tramp shu hafta “Twitter”da askarlar sekin chiqariladi, deya yangi xabar tarqatdi.
Prezidentning qarori ko’p siyosatchilarni sarosimaga solib qo’ygan.
“Prezident qarorini bajarishning eng yaxshi yo’lini muhokama qilyapmiz”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.
Tramp urush xarajatlarini yolg’iz Amerika qoplashiga qarshi.
“Agar qo’shinlarimiz Suriyada jang qilishlarini xohlashsa, boshqalar ham hissa qo’shsin, jumladan, moliyaviy hissa”, - deydi Tramp.
Amerika prezidentining qo’shinlarni chiqarish qarori ketidan Turkiya va Rossiya tashqi ishlar vazirlari uchrashib, bundan keyingi siyosat xususida gaplashgan.
Turkiya qo’llab-quvvatlayotgan isyonchilar va Rossiya madadiga tayangan hukumat kuchlari Manbij tomon harakatlanmoqda va u yerdagi kurd qismlari bilan to’qnashish ehtimoli kuchaymoqda.
Amerikalik senator Marko Rubioning aytishicha, AQSh qo’shinlarini hozir chiqarsa, Suriya kelajagini belgilash jarayonidan chetda qolib ketishi mumkin.
“Turklar, ruslar, eronliklar va Assadga qoladi bu ish, ammo ularning hech biri AQSh manfaatlariga mos siyosat yuritmaydi”, - deydi qonunchi.
Rubioning aytishicha, amerikalik askarlarning chiqarilishi mintaqadagi vaziyatning beqarorlashishiga ham olib kelishi, “Hizbulloh” harakati va Isroil o’rtasida urushga sabab bo’lishi mumkin.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo shu kunlarda Isroil va boshqa ittifoqchi davlatlar rahbarlari bilan vaziyatni muhokama etishi kutilmoqda.