AQShda soliq islohotiga doir qonun qabul qilindi

  • Amerika Ovozi

Kongress Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan

Respublikachi qonunchilar soliq islohotiga doir qonun loyihasining Kongress Vakillar palatasi va Senatida qabul qilinganini nishonlamoqda. Prezident Tramp saylov kampaniyasi paytida soliq tizimini isloh qilishga va’da bergan edi. Tramp o'zidan oldingi prezidentlar 30 yil davomida qilolmagan ishning uddasidan chiqdi.

Demokratlar hujjatga qarshi bo’lganiga qaramay, har ikki palatada ustunlikka ega respublikachilarning qo’li baland keldi. Loyiha endi Oq uyga Tramp imzosi uchun yuboriladi. Muxolifatga ko’ra, qonun boylarni yanada boyitishga qaratilgan.

Tramp esa uni tarixiy deb atadi:

“Soliqlarni kamaytirishga qaratilgan bu chora o’rta sinfga katta yordam bo’ladi, farzand uchun berilayotgan soliq imtiyozi ikki baravar oshadi, fuqarolar uchun ham soliq imtiyozi salkam ikki baravar bo’ladi. Odamlar buning mahsulini fevral oyidanoq ko’rishni boshlaydi”, - dedi Tramp.

Yangi qonun yirik kompaniyalarga qo’yilgan daromad solig’ini keskin tushiradi, maoshlarga qo’yilayotgan soliqni vaqtincha kamaytiradi. Natijada kelasi 10 yilda AQSh milliy qarzi bir trillion dollardan oshiq miqdorga ko’payishi aytilmoqda.

Mustaqil mutaxassislar hisobicha, kelasi yili amerikaliklarning 95 foizi kamroq soliq to’laydi, boy fuqarolar oddiy fuqarolarga qaraganda ancha kam soliq to’laydi.

Ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, ko’p amerikaliklar bu islohotlarga qarshi chiqmoqda, ammo respublikachilarning aytishicha, bunga qonunni noto’g’ri talqin qilib, uning foydasi haqida kam gapirayotgan matbuot aybdor.