AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp saylovda g’alaba qozonsa, Oq uyda faoliyatining birinchi kuniyoq ayrim musulmon mamlakatlar fuqarolarining AQShga kirishiga taqiqni qayta joriy etishga so’z berdi.
Your browser doesn’t support HTML5
2016-yil saylov kampaniyasi paytida Donald Tramp terrorchilar AQShga kirmasligi uchun immigratsiya tizimini isloh qilishga va’da bergan edi.
"Radikal islomiy terrorchilarni mamlakatimizga 100 foiz yaqinlatmaymiz. Boshqa ilojimiz yo’q”, - degan edi Tramp 2016-yil 8-noyabrida.
Oq uyda ish boshlashi bilan Tramp aholisining aksariyati musulmon bo’lgan yettita mamlakat fuqarosiga AQShga kirishni taqiqlab qo’ydi.
Uning o’sha farmoni ko’plab namoyishlar va huquqiy tortishuvlarga sabab bo’lgan.
"Agar kimdandir tahdid haqiqatan taralayotgan bo’lsa, har bir tahdid alohida tergov qilinishi kerak. Biror guruh yoki dinni boshqasidan xavfliroq deb faraz qilmasligimiz kerak”, - degan edi (sudga Tramp farmoni ustidan shikoyat qilgan) Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqidan Li Gelernt.
Tramp farmoniga qarshi da’vo hatto Oliy sudgacha borgan. Aksariyati konservativ sudyalardan tashkil topgan sud Tramp buyurgan taqiqni qonuniy deb topgan.
"Qattiq turishimiz, xavfsizligimizni o’ylashimiz kerak”, - degan edi Tramp 2018-yil iyunida.
2020-yil saylov kampaniyasi paytida Jo Bayden sayohatga taqiqni bekor qilishga va’da bergan.
"Musulmonlarga nisbatan adovat va kamsitishlarni, sayohatlariga taqiqni qonuniylashtiruvchi prezidentni qabul qilishingiz shart emas”, - degan edi Bayden.
Oq uyda ish boshlashi bilan Bayden Tramp farmonini bekor qildi. Shundan to’rt yil o’tib, Viskonsin shtatida saylovchilari bilan uchrashuv paytida Tramp Yaqin Sharqdagi voqealar uni sayohatga taqiqni tiklash kerakligiga ishontirganini aytdi.
“Bizga AQShda jihodning keragi yo’q. Bir paytlar buyuk bo’lgan shaharlarimizning terrorizm o’chog’iga aylanishini istamaymiz. Prezidentligimning birinchi kuniyoq Amerikaga kirishga taqiqni tiklayman, qochqinlarni qabul qilishni to’xtataman, terrorchilarni oldingiday yurtimizdan uzoq tutaman", - dedi Tramp.
Bayden saylovda yana eski raqibi bilan yuzlashadi. Saylov kampaniyasi paytida u muhojirlarning Amerika taraqqiyotiga hissasini urg’uladi, saylov uchun pul ajratayotgan homiylari bilan uchrashuv paytida ksenofobiyaga berilgan mamlakatlarning ishi yurishmasligini aytdi.
“Xitoy iqtisodiy jihatdan nega qattiq turib qolgan? Yaponiya nega muammolarga yuz tutyapti? Rossiya va Hindistonchi? Chunki ular ksenofob – muhojirlarni qabul qilishmaydi. Muhojirlar bizga kuch beradi. Bu hazil emas. Bu giperbola emas. Chunki bizga bu yerda bo’lishni va hissa qo’shishni xohlaydigan ishchilar kelyapti”.
“Muhojirlar bizga kuch beradi. Chunki bizga bu yerda bo’lishni va hissa qo’shishni xohlaydigan ishchilar kelyapti”, deydi Bayden.
Ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, immigratsiya va inflyatsiya saylovchilar uchun jiddiy mavzulardir.