Britaniya hukumati Donetskda sudlangan fuqarolari ustidan hukmni qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass Ukraina sharqidagi bo’lginchi Donetsk xalq respublikasi sudi tomonidan Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilib asirga olingan ikki britan fuqarosining o’lim jazosiga mahkum etilganini qoraladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-iyun, 2022-yil


Unga ko’ra, sud qarori Jeneva konvensiyasiga ziddir. Trass Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bilan gaplashib, fuqarolarini ozod etishda yordam so’ragan.

Rossiyadan boshqa hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi oliy sudiga ko’ra, Eydin Eslin va Shon Pinner yollanma jangchilar, urush asirlari huquqlarini belgilovchi Jeneva konvensiyasi ularga taalluqli emas. Rasmiy London esa fuqarolarining urush boshlanishidan oldin Ukraina qurolli kuchlari safida xizmat qilganiga ishora qiladi.

Ulardan tashqari Marokash fuqarosi ham o’limga mahkum etilgan. Donetsk sudi apellyatsiya uchun bir oy vaqt berdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, London fuqarolarining taqdiri bo’yicha Kiyevga emas, Donetskka murojaat etishi kerak.

Britaniya Donetsk xalq respublikasini tan olmaydi, Ukrainada esa bu hudud ustidan nazorat yo’q.

Ukrainaning asirga tushgan ko’plab harbiylari ustidan yoz oxirigacha sud jarayonlari bo’lib o’tishi kutilmoqda. Rus manbalariga ko’ra, harbiy harakatlar paytida 8000 ga yaqin ukrainalik asirga tushgan yoki taslim bo’lgan.

Aytish joiz, Liz Trass urush boshida fuqarolarini Ukrainada xorijiy legionga qo’shilib, ruslarga qarshi jang qilishga da’vat etgan edi.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissariati ham Donetskdagi sud hukmi bo’yicha xavotir bildirgan. Idora so’zlovchisi Ravina Shamdasanining Ukraina harbiy qo’mondonligi bergan ma’lumotga tayanib aytishicha, ayblanuvchilarning barchasi Ukraina Qurolli kuchlari a’zosi bo’lgan va shunday bo’lgan taqdirda ularni yollanma jangarilar deb bo’lmaydi.

Ayrim xabarlarga ko’ra, britaniyalik va marokashlik mahkumlar Ukrainada sudlanib qamoq jazosiga mahkum etilgan uch rossiyalik askarga alishishi mumkin.