Turkiyada hujjatsiz afg’on qochqinlari tutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiyaga yo'l olayotgan afg'onlar

Turkiyaning Istanbul shahrida o’tgan oy boshlangan reydlarda noqonuniy muhojir, jumladan afg’onlar ushlangan. Ularning hozir qayerda saqlanayotgani ma’lum emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 17-sentabr, 2021-yil

Turkiyaga qochayotgan afg’onlar bunday muomaladan xavotirda.

“Hujjatsiz afg’onlarni ushlab, deportatsiya qilishyapti. Hujjatsiz yurish o’ta qiyin. Ish topolmaysiz, hech qayerga borolmaysiz. Afg’onistonda vaziyat yaxshi emas, ahvol chatoq, bizni u yerga jo’natishmasligini so’raymiz”, - deydi afg’onlardan biri.

Turk rasmiylariga ko’ra, hujjati yo’qlargina ushlanmoqda. Ammo gumanitar tashkilotlarning bildirishicha, hukumat afg’onlarga siyosiy boshpanaga hujjat topshirishga imkon bermayapti.

“Turkiya hukumati ularni ro’yxatga olishdan bosh tortdi, chegara xavfsizligini oshirmoqda, chegarachilarni ko’paytiryapti, afg’on qochqinlarini o’tkazmayapti, chegaradan o’tganlarni esa Eronga chiqarib yuborishyapti”, - deydi Afg’on qochqinlarining birdamlik uyushmasidan Ali Hikmat.

Turkiya Suriyadagi urushdan qochgan salkam 4 million odamni bir necha yil oldin qabul qilgan va ortiqcha qochqin ololmasligini bildiradi.

Mamlakatdagi asosiy muxolif partiya qochqinlarga qarshi.

“Turkiyada ishsizlik kuchayib, ziddiyatlarga sabab bo’lmoqda. Ishsiz fuqarolarimiz suriyaliklarni ish o’rinlarini egallab olayotganlikda ayblashyapti, kelajakda afg’onlarni ayblashadi”, - deydi Jumhuriyat xalq partiyasidan parlament deputati Unal Cheviko’z.

Ko’p qochqinlar Istanbulning Prezident Rajab Toyib Erdog’anning elektorati yashovchi mahallalarida turadi.

Qochqinlarga nisbatan salbiy munosabat sabab ham ikki yil oldin Erdog’anning partiyasidan nomzod Istanbuldagi hokimlik saylovida mag’lubiyatga uchradi.

Turkiya hukumati yanvar oyidan iyun oyigacha 10 mingdan ziyod afg’on deportatsiya qilinganini ma’lum qildi. Tolibonning hokimiyatga qaytgani ko’p qochqinlarni vahimaga solmoqda.

“Turkiya hukumatidan o’tinib so’rayman. Bizga yordam bersin”, - deydi bir qochqin.