Xillari Klinton azador, lekin dunyo ishlari davom etadi

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton azador, lekin dunyo ishlari davom etadi

Kecha AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda Amerika-Turkiya kengashi yig'ilishida qatnashib, turk respublikasini demokratiyani kuchaytirishga chaqirgdi.

"Fikr erkinligi va qonun ustuvorligi ta'minlansagina Turkiya iqtisodiyoti barq uradi", - deydi Klinton.

AQSh sobiq rahbari Bill Klinton qaynonasi Doroti Rodem va qizi Chelsi bilan, 22-aprel 2008. Xillari Klintonning onasi bugun 92 yoshida vafot etdi.

Klinton xonim 92 yoshli onasining betobligi sabab London va Turkiyaga safarini qoldirgan edi. Bugun Doroti Rodem vafot etdi. Ta'ziyanoma va hamdardlik maktublari butun dunyodan yog'ilmoqda.

Lekin dunyo ishlari davom etadi. Klinton xonim deydiki, Turkiya mintaqada yetakchi rol o'ynamoqchi bo'lsa, tinchlikni targ'ib qilishi lozim. Isroil bilan munosabatlar sovuqlashganini afsus bilan tilga olar ekan, aloqalar tiklanishiga umid bildirdi.

AQSh tashqi ishlar vazirasi rasmiy Anqarani Kipr va Armaniston bilan ham munosabatlarni yaxshilashga chaqirib, Gretsiya bilan aloqalar yaxshilanayotganini olqishladi.

"Turkiya iqtisodiyotining rivojlanishiga sabab omillardan biri - bu kuchli AQSh-Turkiya munosabatlaridir. Bu mamlakat iqtisodiy o'sishi bundan keyin ham hamkorlikni kuchaytirishi lozim. Yangi imkoniyatlarni ishga solish uchun demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish lozim".

Turkiya so'nggi paytda Yaqin Sharqda vositachilik harakatlarini oshirgan. Respublika eksportining choragidan ko'pi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga to'g'ri keladi. Ertaga Istanbulda Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjuman o'tadi. Bugun Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay va Pokiston rahbari Osif Ali Zardariy uchrashmoqda.

Xillari Klinton, AQSh tashqi ishlar vazirasi

So'nggi paytda Afg'oniston-Pokiston munosabatlari taranglashgan, ayniqsa sobiq afg'on prezidenti Burhoniddin Rabboniy sentabr oyida o'ldirilgach. Rasmiy Kobul nazarida qotillikda Pokiston razvedkasining qo'li bor.

Qo'shma Shtatlar Pokistonni o'z hududidagi jangarilarga qarshi dadilroq kurashishga chaqirib keladi. Istanbuldagi anjumanda 14 davlat rahbarlari ishtirok etadi, jumladan Fransiya, Germaniya va Hindiston.

Afg'oniston va Pokiston xavfsizlikka doir hamkorlik borasida shartnoma imzolashi kutilmoqda.