Turkiya Somali bilan aloqalarini kuchaytirishda davom etarkan, ikki mamlakat o’rtasida imzolangan energetika va xavfsizlik bobida hamkorlikka doir shartnoma doirasida Somalida yoqilg’i resurslarini qidirish uchun shu oy Anqara Afrikaga tadqiqot kemasini yubordi.
Your browser doesn’t support HTML5
Biroq Somalining Turkiyaga yaqin Efiopiya bilan tarang aloqalari Anqaraning mintaqadagi rejalariga pand berishi mumkin.
“Turkiya uchun Somali va Efiopiyaning yaxshi munosabatda bo’lgani yaxshi. Bu Turkiyaning mintaqaviy ambitsiyalari uchun o’ta muhimdir”, - deydi geosiyosat bo’yicha konsultant Norman Riklefs.
Yanvar oyida Efiopiya Somalidan bir tomonlama ajralib mustaqillik e’lon qilgan Somalilend bilan anglashuv memorandumini imzolashi ketidan bu ikki mamlakat o’rtasida aloqalar taranglashdi.
Efiopiya kelishuv yordamida va bo’lginchi hududni tan olish orqali dengizga chiqish imkoniga ega bo’lmoqchi. Somali hukumati kelishuvni qoralarkan, Efiopiyani uning hududiy daxlsizligiga raxna solayotganlikda ayblayapti.
Turkiya mojaroni vositachilik orqali hal qilishga urinmoqda. Biroq Misr Somaliga qurol yubora boshlashi ketidan munozara kengaydi.
“Somalining Misr bilan kuchayayotgan aloqalari unga Efiopiya bilan muzokaralarda qo’l kelishi, uning pozitsiyasini kuchaytirishi mumkin. Agar Misr Somali bilan xavfsizlik aloqalarini chuqurlashtirsa, Efiopiya buni o’z xavfsizligiga bevosita tahdid deb ko’rib, muzokaralarda ishonchsizlik kuchayishi mumkin”, - deydi Anqara ijtimoiy fanlar universitetidan Elem Ayrije Tepechiklio’g’li.
Misr Efiopiyaning Nil daryosida to’g’on qurayotganidan norozi.
Ziddiyatlar Somali va Efiopiyaning al-Qoidaga aloqador al-Shabab jangari to’dasiga qarshi harbiy hamkorligiga pand berishi aytilmoqda.
Anqara mojaroga aralashgan barcha taraflar bilan yaxshi aloqada bo’lsa-da, diplomatik yordamga muhtoj.
“Turkiya asosiy vositachi bo’lishi kerak. Biroq AQSh, Yevropa Ittifoqi, Fors ko’rfazi mamlakatlari kabi tashqi o’yinchilar ham jarayonga aralashib, tortishuv uzoq davom etayotganini, yanada cho’zilsa, tushunmovchilik va xato hisob-kitob vujudga kelib, mojaroga yetaklashi mumkinligini aytishi”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Umar Mahmud.
Anqara Somali bilan harbiy va diplomatik aloqalarini kuchaytirar ekan, tahlilchilar urush domiga tortilgan mintaqada beqarorlikning chuqurlashishi Turkiyaning ta’sirini yoyish maqsadlariga halaqit berishini taxmin qilmoqda.