17-dekabr kuni Istanbulda ikki kunlik Afrika sammiti bo’lib o’tadi. Pandemiya tufayli ikki yilga qoldirilgan anjuman natijasida Turkiya diplomatik va iqtisodiy ta’sirini bu qit’aga yoyishga umid qilmoqda. Biroq koronavirusning “omikron” shtammi tarqalishi ketidan “Turkiya-Afrika hamkorlik” sammitida kimlarning ishtirok etishi hanuz noma’lum.
Your browser doesn’t support HTML5
So’nggi yillarda Anqara Afrikaning 30 mamlakatida elchixona ochgan.
“Bu G’arb davlatlariga xos siyosat emas. Afrika kelasi 10-20 yilda muhim bo’lishiga qaramay, G’arb mamlakatlari diplomatik vakolatxonalarini yopishga kirishgan. Turklar esa ishni tez qiladi. Nisbatan hamyonbop narxda qurilish loyihalarini taklif etmoqda, mahalliy madaniyatga moslashuvchan”, - deydi Jenevada asoslangan “Global tashabbus” tashkilotidan Jalol Xarchu.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an 2003-yildan beri Afrikaga 28 marotaba safar qilgan.
Anqara Afrikaning katta qismida o’tmishda mustamlakachilik siyosatini olib borgan Fransiya bilan raqobatlashishiga to’g’ri keladi. Bu esa Parij bilan ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.
Masalan, Erdog’an Liviya mojarosida Misr homiyligidagi tarafga qarshi kuchlarni qo’llab-quvvatlashi oqibatida turk tadbirkorlari Misrning daromadli bozoridan siqib chiqarildi.
“Misrda to’qimachilik sanoati yaxshi rivojlangan, avtomobil bozori ancha jonli, ko’plab boshqa sohalarda yaxshi ish olib borayotgan edik, ammo endi Misrni boy berdik”, - deydi “Erensan” kompaniyasi rahbari Ali Eren.
Turkiya va Misr aloqalarni yaxshilash maqsadida diplomatik muloqot olib bormoqda. Qohiralik siyosatchilar sammitga tashrif buyursa, ushbu muloqot davom ettiriladi.
Yaqinda Anqara Marokashga harbiy dronlarini sotishga muvaffaq bo’ldi.
Rasmiy statistikaga ko’ra, 2003-yildan beri Turkiyaning Afrika bilan savdosi 5 karra ko’payib, 25 milliard dollarga chiqdi. Bu Xitoyning Afrika bilan savdo hajmidan ancha kam bo’lsa-da, Erdog’anga Turkiyada ko’p siyosiy ochko keltirmoqda.
“Hukumat o’zini saylovchilarga global o’yinchi yoki musulmon davlatlar himoyachisi deb ko’rsatishi mumkin. Turklar mamlakatining Afrikadagi faoliyatini olqishlamoqda. Bu bilan Turkiya xalqaro sahnada ko’zga tashlanmoqda, savdoni kuchaytiryapti va saylovchilar olqishini qozonmoqda”, - deydi Turkiyaning Sudandagi sobiq elchisi Yusuf Kenan Kuchuk.
Turkiya iqtisodiyoti lira muammosi tufayli zarar ko’rgan bir paytda Erdog’an sammitdan iqtisodiyotni jonlantirishda foydalanishga harakat qiladi. Tahlilchilar iqtisodiy inqiroz Anqaraning Afrikadagi buyuk rejalarini moliyalashda pand berishi mumkinligini aytadi.