Turkiya Suriya shimolidagi Afrin shahri ikki oylik amaliyotdan so’ng kurd jangchilaridan butunlay ozod bo’lgani haqida e’lon qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, qo’shinlar endi qo’shni Tal Rifaat shahrini egallagan kurdlarga hujum qiladi.
Anqara Suriya va Iroqning “Islomiy davlat” mag’lub bo’lgan hududlarda kurdlarning kuchayishidan xavotirda va bunga barham bermoqchi. Turkiya Qizil Yarim oy jamiyati mojaro zonalarida janr ko’rgan aholiga gumanitar yordam tarqatmoqda.
“Qishloqlarda g’ildirakli oshxonalar tashkil etganmiz, dializ markazlarini ochyapmiz, kasal odamlarni kasalxonalarga yo’llamoqchimiz. Suv omborxonalaridagi muammolar tufayli odamlarga ichimlik suvi yetib bormayapti, shuni hal qilish ustida ishlayapmiz”, - deydi jamiyat vakili Karim Kinik.
Prezident Erdog’anning aytishicha, Suriyaning kurdlar nazoratga olgan hududlarida amaliyotlar davom etadi. Turkiya hukumati Manbijga ham yurish rejalamoqchi bo’lgan. U yerdagi AQSh qo’shinlari mahalliy aholiga shahar havodan hujumga uchramasligiga kafolat berdi.
“Ustimizda samolyotlar uchmayotganidan xursandmiz. Ammo shunga qaramay, xavotir bor”, - deydi manbijlik bu odam.
Kurd harbiy bo’linmasi vakiliga ko’ra, Turkiya do’q-po’pisalariga qaramay, ular shimoldagi Sinjar shahrini tark etishmaydi.
“Turkiya Iroq hukumati yordamida Sinjarga kirmoqchi bo’lganini bir necha marta aytgan. Ammo Iroq hukumati vakillari bizga bu borada kelishuv borligini inkor etishdi. Shu sabab biz hech qayerga ketmaymiz, biz Iroq qo’shinlarining bir qismimiz”, - dedi Marvon.
Yevropaning bir necha shahrida kurdlar namoyish qilib, Turkiyaning Suriyada kurdlarga qarshi amaliyotlarini qoraladi. BMT hisobiga ko’ra, Turkiyaning Afringa hujumi paytida 170 ming odam shaharni tark etib, aksariyati Turkiyaning navbatdagi nishoni – Tal Rifaatga qochgan.