Kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya Armaniston bilan 1993-yilda yopilgan chegarani ochish xususida gaplashmoqda. Anqara chegarani Armaniston Tog’li-Qorabog’ni bosib olishi ketidan yopgan edi. Biroq Boku o’tgan yilgi urushda hududning bir qismini qaytarib olgach, Turkiya-Armaniston munosabatlarini tiklash imkoni tug’ildi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Armaniston va Turkiya o’rtasida aloqa o’rnatishga to’siq qolmadi. Bunga Boku ham qarshilik bildirayotgani yo’q”, - deydi Istanbuldagi Iqtisodiyot va Tashqi siyosatni o’rganish markazidan Sinan Ulgen.
O’tgan hafta Turkiya va Armaniston diplomatlari Moskvada muzokara qilgan.
Chegaraning ochilishidan avvalambor armanlar foyda ko’radi. Turkiyada ishlovchi o’n minglab arman ayni paytda vataniga borish uchun avtobusda qo’shni Gruziya orqali mashaqqatli yo’l bosishi kerak.
Biroq ikki tomonlama aloqalarning yaxshilanishiga tarix halaqit berishi mumkin. Armaniston Turkiyani Birinchi jahon urushi paytida Usmoniylar imperiyasida yashagan yuz minglab armanni qirganlikda ayblaydi. Anqara voqeaning qatliom deb atalishiga qarshi.
Armanistonlik tahlilchilar o’tmishning aloqalarni tiklashga g’ov bo’lishini istamaydi.
“Bu oldindan belgilangan shartga asoslanmagan siyosatdir. Ammo normallashtirish yarashish degani emas. Bu arman qatliomiga oid masala emas. Shunchaki qo’shni davlatlarning diplomatik aloqani o’rnatish, chegaralarni ochish masalasidir. Yarashishga vaqt keyinroq kelar, biroq aloqalarni normallashtirish buning poydevori”, - deydi Mintaqaviy izlanish markazi direktori Richard Giragosyan.
Armaniston bilan munosabatlarning normallashuvi Anqaraning Vashington bilan tarang aloqalarini yumshatishga yordam berishi mumkin. AQSh Kongressi Turkiyaning dengizga chiqish yo’llaridan mahrum Armanistonni turk bozorlariga kirishdan va tranzit yo’llaridan ayirib, uning iqtisodiyotiga zarar qiluvchi siyosatini keskin tanqid qiladi. Amerikalik qonunchilarga ko’ra, bunday siyosat Yerevanni qo’shni Rossiya va Eronga tobe bo’lishga majbur qilmoqda. Turk-arman chegarasining ochilishi esa ushbu tobelikni kamaytirishga yordam berishi aytilmoqda.
“Hamkorlik osonlashadi, kommunikatsiya, transport yaxshilanadi, buning mintaqaga ta’siri katta bo’ladi. Hamkorlik kuchaysa, Eronning mintaqaga ta’siri zaiflashadi”, - deydi Germaniyaning Bonn universitetida ishlovchi ozarbayjonlik siyosatshunos Zaur Gasimov.
Turkiya hukumati 2-fevral kuni ikki mamlakat o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri aviaparvozlar boshlanishi haqida ma’lum qildi. Turk va arman aviakompaniyalari Istanbul va Yerevan o’rtasida haftasiga oltita reysni amalga oshirmoqchi. Biroq o’tgan hafta Ozarbayjon-Armaniston chegarasidagi to’qnashuvda uch odamning o’lgani munosabatlar istalgan payt darz ketishi mumkinligidan darakdir.