Turkiya bo'ylab bir necha xuruj sodir etildi

  • Amerika Ovozi

Istanbulning Sultonbeyli mahallasidagi politsiya mahkamasida otishma

Bugun Turkiyada bir necha xuruj sodir etilgan. Istanbul shahrida ikki ayol AQSh konsullik xizmati yonida o't ochgan. Hech kim zarar ko'rmagan. Hujum qilganlar qochgan, biroq keyinchalik biri qo'lga olingan. Politsiya bilan otishmada uning yaralangani ma'lum.

Inqilobiy xalq ozodligi partiya fronti tashkiloti xuruj uning ishi ekanini bildirgan. Guruh Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terror tashkiloti deb tan olingan. 2013-yilda uning bir a'zosi Anqarada o'zini AQSh elchixonasi yonida portlatgan.

Konsullikka hujumdan bir necha soat oldin Istanbuldagi politsiya mahkamasi yonida bomba portlab, bir posbon o'lgan, kamida 10 odam yaralangan, jumladan, uch politsiyachi. Sal turib o'sha joyda politsiya bilan otishma boshlanib, ikki terrorchi o'ldirilgan.

Mamlakat janubidagi Sirnak viloyatida esa yo'l chetiga qo'yilgan bomba portlashida to'rt politsiyachi o'lgan. Suriya va Iroq chegarasida joylashgan bu viloyatda kurd jangarilari harbiylarni olib ketayotgan vertolyotga o'q otib, bir zobitni o'ldirgan.