Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an uning mamlakati BRIKS tashkilotiga qo’shilish ustida o’ylanayotganini aytib keladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Erdog’an bu haqda 3-iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv chog’ida muhokama qilish imkoniga ega bo’ldi.
“Jug’rofiy tomondan bir-biridan ajralgan mamlakatlar o’rtasida o’zaro savdoni rivojlantirishga yordam beruvchi yangi platforma g’oyasi Turkiyani o’ziga tortadi va tashqi siyosati bilan hamohangdir. Nazarimda, Putin bilan suhbat chog’ida Erdog’an Turkiyada Rossiya bilan tijoriy aloqalarni susaytirish yoki ulardan voz kechish niyati yo’qligini aytgan”, - deydi turkiyalik tahlilchi Atilla Yeshilada.
Putin Erdog’an bilan yaqin aloqalarga ega, biroq Rossiya rahbari Turkiyaning yaqinda G’arb bilan yaqinlashuvidan norozilik bildirgan. Putin Turkiyaning BRIKS tashkilotiga qo’shilish rejasini qo’llab-quvvatlab keladi.
Tahlilchilarga ko’ra, Moskva Anqara yordamida Xitoyning tashkilotda hukmronlik qilish harakatlarini muvozanatga solmoqchi.
“BRIKS Xitoyning orqa hovlisiga o’xshaydi, chunki Xitoy tashkilotga a’zolik taklif etilgan barcha mamlakatlar bilan aloqalarni yaxshilamoqchi, ularning a’zo bo’lishini istaydi va bu mamlakatlar guruhning Rossiya va Hindiston kabi yirik a’zolariga talpinayotgani yo’q”, - deydi Yevropa siyosatini o’rganish markazidan Jeren Ergench.
Yillar davomida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’la olmayotgan Turkiya BRIKSni unga muqobil deb ko’rmoqda, unga a’zo bo’lish orqali iqtisodiy muammolarini hal qilishga umid qilmoqda.
“Erdog’an Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun arizasida olg’a siljish yo’qligidan, Turkiya bilan bojxona ittifoqini yangilash sanasi belgilanmaganidan qattiq g’azabda.
Shu bilan birga, bu Turkiyaning G’arb yoki Sharqda biror siyosiy blokka bog’lanib qolmaslik siyosatiga to’g’ri keladi”, - deydi Yeshilada.
Kelasi hafta NATOning Vashingtonda bo’ladigan sammitida Erdog’an ham qatnashadi. Unda a’zo davlatlar, jumladan Turkiya alyansga, G’arbga nisbatan xavfsizlik majburiyatlariga sadoqatini qayta ta’kidlashi kerak bo’ladi.
Biroq Turkiyaning BRIKSga qo’shilish harakati Anqara o’z maqsadlariga erishish uchun G’arbdagi an’anaviy ittifoqchilaridan tashqariga nazar solayotganiga noqulay eslatmadir.