Turkiyada koronavirusga testlar uyda o'tkazilmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiyada uyma-uy yurib, koronavirus alomatlari bor odamlarni testdan o’tkazish kampaniyasi boshlandi. Himoya vositalari bilan jihozlangan va maxsus tayyorgarlikdan o’tgan minglab odamlar karantinda o’tirgan vatandoshlarini ko’chaga chiqarmasdan tekshirmoqda.

Turkiya Sog’liqni saqlash vaziri Fahriddin Ho’janing aytishicha, bunday yondashuv virus tarqalishining sekinlashishiga olib keldi.

“Odamlardan xonadonidayoq namunalar olinmoqda”, - deydi Istanbulning Fotih rayonidagi shifokorlardan biri Melek Nur Aslan.

Virus Turkiyaga Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda uch oyga kechroq kirib borgani sog’liqni saqlash tizimini bu kasallikka tayyorlashga imkon bergani aytiladi.

“Odamlar ko’chaga chiqib, virusni tarqatmasin deymiz”, - deydi Aslan.

47 yashar Betul Shahboz ijaradagi xonadoshida virus aniqlanganidan so’ng vahimaga tushib, tez yordamga qo’ng’iroq qiladi. Shundan so’ng mutaxassislar uyga kelib, uni ham testdan o’tkazishdi.

O’tgan hafta ishga tushgan bunday xizmat natijasida 10-martdan beri virusga chalingan odam bilan aloqada bo’lgan 722 mingdan ziyod kishi test topshirgan. Aholisi 83 million bo’lgan bu mamlakatda jami 1,6 milliondan ortiq odam koronavirusga tekshirilgan.

May o’rtalaridagi statistikaga ko’ra, kasallanish va virusdan o’lish sur’ati mamlakat bo’ylab tushib bormoqda, ammo Turkiya koronavirusdan zarar ko’rgan mamlakatlar jadvalida birinchi o’ntalikka kiradi. Salkam 151 ming odam infeksiyaga uchragan bo’lsa, 4100 dan ortig’i o’lgan. Kasallarning 73 foizidan ko’pi sog’aygani aytiladi.