Turkiya va AQSh Kiprning birlashishini qo'llab-quvvatlamoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li (chapda) va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Vashingtonda, 21-aprel, 2015-yil

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'lining AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashuv chog'ida so'zlashicha, Anqara Kiprning greklar va turklar boshqaruvidagi qismlarini birlashtirishga qaratilgan bitimning imzolanishi uchun o'z siyosiy irodasini ishga solishga tayyor.

“Muzokaralar Kiprning turklar yashovchi qismida saylovlar o'tgandan so'ng jonlanadi", - deydi Chavusho'g'li.

Kiprning turk aholisi rahbari Darvish Ero'g'li yakshanba kuni o'tgan prezident saylovlarida birinchi bosqichda g'alaba qozona olmadi. Ikkinchi bosqich oy oxiriga belgilangan.

Kerrining Vashingtondagi matbuot anjumanida aytishicha, AQSh va Turkiya orolning birlashishiga qaratilgan BMT vositachiligidagi muloqotni qo'llab-quvvatlaydi.

Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dunyoda faqat Turkiya tan oladi. Xalqaro hamjamiyat esa orol janubidagi grek hukumatini Kiprning qonuniy hukumati deb biladi.