Turkiyada mahalliy saylovlarda Erdog'an partiyasi g'olib

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an va rafiqasi Amina mahalliy saylovlardagi g'alabadan so'ng poytaxtda tarafdorlarini qutlamoqda, Anqara, 30-mart, 2014-yil

Kecha Turkiyada o’tgan mahalliy saylovlarda bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan nomzodlar o’rinlarning 45 foizini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.

Muxolif Respublikachilar xalq partiyasi 25 foiz ovoz to’plagan, xolos. Hukmron partiyaning g’alabasi hukumatga qarshi qaratilgan korrupsiya ayblovi fonida ahamiyatlidir.

Erdog’an kecha oqshom Anqarada g’alaba nutqi bilan tarafdorlariga murojaat qilib, raqiblarini ogohlantirdi. Unga ko’ra, hukumatga tosh otgan, partiyani korrupsiyada ayblaganlar jazosini oladi.

"Turkiyaga hukmron partiya singari xalqni seva oladigan yangi muxolifat kerak. Odamlarni ajratuvchi va kamsituvchi muxolifatning keragi yo'q", - dedi bosh vazir.

Bir necha kun Youtube tarmog’ida hukumatdagi mulozimlarning poraxo’rlikka aloqadorligini isbotlovchi audio paydo bo’lgandan so’ng Erdog’an Youtube ni mamlakat bo’ylab yopishni buyurdi. Undan oldin esa Twitter ijtimoiy sahifasiga kirish yo’li ham to’sildi.

Erdog’anning aytishicha, Turkiya dushmanlari va, xususan, xorijda yashovchi ulamo Fathulla Gulen ijtimoiy tarmoqlar orqali partiya va hukumat obro’sini tushirishga harakat qilmoqda.

Erdog'an shu yil prezident saylovlarida nomzodini qo'ymoqchi. Prezident ilk bor ommaviy saylovda, parlament emas, xalq tomonidan saylanadi.

http://english.share.voanews.eu/flashembed.aspx?t=phg&id=1882867&w=640&h=506&skin=embeded