Turkiyada prezident va parlament saylovlari bo'lib o'tdi

  • Amerika Ovozi

(Saylovlardan fotoreportajni tomosha qilish uchun suratga bosing)

Bugun Turkiyada prezident va parlament saylovlari o'tdi. Amaldagi rahbar Rajab Toyib Erdog'an va uning asosiy raqibi Muharram Inje shanba kuni Istanbulda saylovdan oldin so'nggi bor saylovchilar bilan uchrashdi.

Erdog'an tashabbusi bilan o'tgan yili o'tkazilgan referendumda qabul qilingan so'nggi konstitutsion o'zgarishlarga ko'ra, yangi saylangan prezident qo'shimcha vakolatlarga ega bo'ladi.

Ba'zi kuzatuvchilar Erdog'an konstitutsiyani o'z foydasiga o'zgartirganiga ishora qiladi, ammo muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasidan nomzod saylovda unga kuchli qarshilik ko'rsatishi mumkin. Ba'zi xabarlarga ko'ra, Injening Istanbuldagi so'nggi namoyishiga besh millionga yaqin odam to'plangan.

"Biz boshqacha ertangi kun va'da qilamiz", - dedi u to'planganlarga qarata.

Saylov kampaniyasi davomida Inje mamlakat bo'ylab 100 dan ortiq namoyishlarda qatnashdi, Ba'zilari son jihatdan Prezident Erdog'anning namoyishlaridan ham kattaroq bo'lgani aytilmoqda.

Tashviqotning so'nggi kunida Erdog'an shahar bo'ylab bir necha kichik namoyishlar o'tkazdi. Hukumatga yaqin ba'zi sharhlovchilar Erdog'an tarafdorlari saylov kuni ovoz berishga chiqmay qolishidan xavotir bildirgan.

Erdog'anning aytishicha, Injeda prezident bo'lishga tajriba yo'q, hatto vazir bo'lib ishlamagan, hukumatda biror lavozimni egallamagan.

Erdog'an qatnashgan namoyishlar aksariyat telestansiyalar orqali jonli efirga uzatilgan, Injening ko'p sonli namoyishlarini esa matbuot bu qadar yoritmagan. Turkiyadagi aksariyat gazeta va telekanallar prezidentning bevosita yoki bilvosita nazorati ostida. Qonun barcha nomzodlarga teng efir vaqtini belgilasa-da, Erdog'andan boshqa besh nomzodning kampaniyasi matbuotda yetarlicha yoki umuman yoritilmagan.

“Raqobatli saylovga guvohmiz, biroq bu saylovlar erkin va halol bo'ladi degani emas", - deydi Istanbuldagi "Edam" tadqiqot markazidan Sinan Ulgen.

Unga ko'ra, kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan nomzod Salohiddin Demirtosh qamoqda, "IYI" (Yaxshi) partiyasidan nomzod Meral Aksener kampaniyasi esa matbuotda umuman yoritilmayapti.

Bugun saylov kunida "IYI" partiyasining Erzurum viloyati Karachoban (Qora cho'pon) tumani bo'limi rahbari Mehmet Siddiq Durmaz otib o'ldirilgan. U bilan birga partiyaning yana ikki a'zosi ham otilgan.

Salohiddin Demirtosh 2014-yil saylovida uchinchi o'rinni olgan edi. Uning yuz minglab tarafdorlari, asosan, kurdlar yashovchi Van shahrida namoyish o'tkazib, politsiyani namoyishchilarga hujumda ayblagan.

Inje o'z tarafdorlarini saylov kuni ham ovoz berishda, ham ovozlarni hisoblashda 36 soat faol bo'lishga chaqirdi.

"Saylovlar soxtalashtirilganiga doir ma'lumot bo'lsa, ovozlarni yangidan hisoblash uchun 55 ming advokatni Oliy saylov kengashiga safarbar etamiz", - dedi u.

Erdog'an bunga javoban Inje mag'lubiyatini hozirdan tan olayotganini aytdi.

"Janob Muharram, biz qonunlar ustuvor mamlakatda yashayapmiz", - dedi u.

Fuqarolik tashkilotlari, muxolif partiyalar, sakkizta xalqaro tashkilot jarayonni yaqinda kuzatmoqda.