Turkiyada mahalliy saylovlar: Erdog’an uch yirik shaharda mag’lub

  • Amerika Ovozi

Turkiyada 31-mart kuni o’tgan mahalliy saylovlarda Prezident Rajab Toyib Erdog’an yetakchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va u bilan Xalq ittifoqi blokiga kirgan Millatchi harakat partiyasi eng ko’p ovoz to’plab, 52 ta shaharda o’ziga sodiq hokimlar, mahalliy kengashlar a’zolari, ma’murlariga ega bo’ldi.

Biroq muxolifat uch yirik shahar – poytaxt Anqara, Istanbul va Izmirda g’alaba qozonganini da’vo qilmoqda. Erdog’an esa ovoz hisoblashda xatolar bo’lganini aytadi. Mamlakatda Erdog’an siyosatidan norozilar talaygina.

Turkiyani iqtisodiy turg’unlik, inflyatsiya va milliy valyutaning qadrsizlanishi kabi muammolar tashvishga solmoqda.

“Yoshlar ishsiz. Ishingiz bo’lmasa, kun kechirish qiyin. Demak, ish o’rinlari yaratish kerak. Saylovda shu uchun ovoz berdim”, - deydi mersinlik saylovchi.

Boshqalarni esa avtoritar boshqaruv kuchayayotgani xavotirga solmoqda.

“Bu bir muammo, ikkinchisi – ishsizlik. Matbuot tashviqoti orqali turli g’oyalarni miyamizga singdirishyapti. Biroq bunga qarshi turamiz. Otaturk izdoshlari sifatida uning siyosati va ishini himoya qilamiz”, - deydi anqaralik Aysha Sezer.

Turk fuqarolarining bir qismi Prezident Erdog’anni respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturk belgilagan dunyoviy tizim yo’lidan og’ayotganlikda ayblaydi.

“Umidlar so’ngan. Iqtisodiy muammolar talaygina. Biz olayotgan ta’lim yetarli deb hisoblamayman. Ichki va tashqi siyosatda Turkiya muammolarga yuz tutmoqda”, - deydi poytaxtlik yana bir saylovchi.

Turkiyada yashovchi kurdlar ham saylovda qatnashgan. Ular odatda kurd nomzodlardan iborat Xalq demokratik partiyasiga ovoz beradi.

“Ovoz bergan bilan nima ham o’zgarardi? Saylov Erdog’an hokimiyatini oqlashga qaratilgan shunchaki bir rasmiyatchilik. Istaganini qiladi”, - deydi diyorbakirlik kurd aktyori.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, saylovchilarning 84 foizi, ya’ni 57 million odam jarayonda qatnashgan, salkam bir millioni ilk bor ovoz bergan.